Millatning muqaddas deb bilgan tushunchalariga chang solinsa, indamay ko`z yumib o`tirish bu haqiqiy jurnalistika emas.
Korrupsionerlar, bir to`da karchalonlar ko`z o`ngingda xalq boyliklari talasayu, sen bir joyda depsinib turgan islohotlar haqida og`iz ko`pirtirsang, bu ham jurnalistika emas.
Qonunlarga tupurib qo`ygan amaldorlarni ko`rsang, nepotizm bilan egallanayotgan “kreslo”larni bilsang... O`zing esa mum tishlasang, bu shu kasbingga xiyonat bilan teng.
Rost24.uz jamoasi asosiy faoliyatini 2021 yilda boshladi. Axborot sayti o`zbek media olamiga haqiqiy jurnalistika tamoyili bilan kirib kelishni oldiga maqsad qilgan. Yil davomida shu maqsad yo`lida ishladik.
Ammo “Haqiqiy jurnalistika” — bu juda og`ir tushuncha. Bu tamoyilga amal qilish esa undan-da og`ir. Bizga bu yo`lda yurish oson kechmadi. Ko`plarning tana-dashnomlarini eshitdik, ta`qiblarini, tahdidlarini ko`rdik, ko`rayapmiz. Maddohlik qilmaganimiz, ochiq gapni aytganimiz, xalqqa bor narsani borligicha ko`rsatganimiz uchun nimalar boshimizdan o`tayotgani o`zimizga ayon. Ammo har qanday qiyinchilik, har qanday tahdidlar bo`lsa-da biz hech qachon haqiqiy jurnalistikaga xiyonat qilmadik. Sizni aldamadik. O`ziga og`dirmoqchi bo`lgan to`dalarga, guruhlarga qo`shilmadik, ularning yo`rig`iga yurmadik. Kim uchun?! Faqat siz uchun! Buni kimdir to`g`ri tushundi, yana kimlardir esa o`z qarichi bilan o`lchadi. Xiyonatda ayblayotganlar qancha... Millat tilini himoya qilganimiz uchun hatto Rossiya hukumatigacha bizni ayblab chiqdi. Siz o`quvchidan boshqa hech kimni yonimizda ko`rmadik.
Bu Vatanni biz ham sevamiz, biz ham shu jafokash elni yaxshi ko`ramiz. Shuning uchun yozayapmiz, shuning uchun shu kasbni tanlaganmiz.
Bizni hali juda mashaqqatli manzil kutayapti. Bu yo`lga biz ortga qaytish uchun chiqqanimiz yo`q. Qaergacha bora olamiz, buni vaqt ko`rsatadi. Ammo har qanday sharoitda ham siz Aziz o`quvchi bilinki, Rost24 faqat siz uchun ishlagan.
Yangi yilingiz muborak bo`lsin!