Kun.uz sayti jurnalisti Ilyos Safarov "Yil tanlovi –2021" nominasiyalari bo`yicha o`z fikrini bildirdi.
"Eng yaxshi vazirlik", "Yil davomida yaxshi ishlamagan vazirlik", "eng namunali davlat va jamoat tashkiloti" va "Yil odami" uchun kimlar munosibligi haqida batafsil ma`lumot berdi.
Yil yakuni va sarhisobi barcha sohalarda o`z nomzodlarini ko`rsatib, yaxshi ishlagan shaxs va tashkilotlar e`tirof etilyapti. Rost24.uz saytida ham har yilgi an`anaviy "Yil tanlovi-2021" jurnalist va blogerlar e`tirofi ila axborot vositalarida eng faol, shaffoflikni namoyon qilgan, xalq bilan ishlashda samarali natija ko`rsatgan vazirlik, davlat va nodavlat tashkilotlari o`rtasida tanlov o`tkazmoqda.
Ushbu tanlovning natijalari yangi yilda e`lon qilinadi. E`lon qilinishidan oldin, biz, turli insonlardan bu bo`yicha o`z fikrlarini so`radik. Birinchi suhbatdoshimiz Kun.uz jurnalisti Ilyos Safarov.
Ilyos Safarov o`zi bilan bevosita ishlagan va faoliyat yuritgan vazirlik va tashkilotlar bo`yicha o`z fikrlarini aytib o`tdi.
Kun.uz jurnalisti Ilyos Safarov:
1. 2021 yilning "Eng yaxshi vaziri" – Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Abduqodir Toshqulov, sobiq Xalq ta`lim vaziri Sherzod Shermatov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. Bularning hammasi jurnalist ko`zi bilan qaraganda, deya ta`kidlab o`tdi Ilyos Safarov.
2. 2021 yilda "Yaxshi ishlamagan vazirlik" – Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi hamda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi.
"Mahalla vazirligi bilan ishlash qiyin kechdi. Savollarimizga javob bermagan holatlari bo`ldi. Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan ham ishlash birmuncha qiyin bo`ldi. Garchi vazir yaxshi ishlasada, matbuot xizmati bilan ish qiyin. Avvalgi matbuot xizmati Farhod aka Babashev bilan aloqalar yaxshi edi, lekin yangi kelgan matbuot kotibi bilan, shaxsan, mening munosabatim yaxshi emas. Tahririyatimiz ham ishlashda qiynaladi. Keyinchalik boshqa tahririyatlardan ham bu bo`yicha tanqidlar eshitdik. Shu 2 ta vazirlik bilan biroz faoliyatimiz qiyin kechdi", – deya aytib o`tdi jurnalist I.Safarov.
3. 2021 yilning "Eng namunali davlat va jamoat tashkiloti" – "Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi".
"Kun.uz saytida 10 dan ortiq davlat tashkilotlari bilan ishlayman, asosan ijtimoiy yo`nalishda. Bu yil juda faol ishladi bu qo`mita, har bir savolimizga qisqa vaqtda javob berdi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi eng faol ishlagan qo`mita deya olaman. Eng qizig`i, mana shu faoliyatni matbuot kotibi emas, o`sha qo`mitada ishlaydigan Sevara opa degan opamiz bor, familiyalari hozir esimda yo`q (deb kulib qo`ydilar). Bu opa bilan ishlash jarayonida judayam yaxshi taassurotlar oldim tashkilot ishiga nisbatan. To`g`ri, juda ko`p tanqid qilamiz, kamchiliklari bor. Jurnalistlar kamchiliklarini olib chiqqandan keyin, qo`mita raisi ishdan olindi. Lekin bari bir ushbu qo`mita juda faol ishladi"
4. Yil odami – Rimning "Roma" klubi futbolchisi Eldor Shomurodov.
"Hamma sohani qarab chiqish kerak. Tibbiyotda nima bo`ldi? Senatorlarimiz hech narsani qoyillatib qo`ygani yo`q. Monopoliyani avvalgi rahbari yaxshi ishladi, oldinga bora oldi. Sport sohasida 3 ta olimpiada chempionini ko`rdik. O`zbekistonni tanitishda katta ish qilishdi. Ilm sohasida juda katta "Vauu" degan narsani ko`rmadim. O`ylashimcha, hozir Rimning "Roma" klubi hujumchisi Eldor Shomurodov O`zbekistonda futbolga bo`lgan qiziqishni oshirdi. Eldor Shomurodovni "Yil odami" desa bo`ladi", – deb jurnalist fikrini yakunladi.