Hech qachon elektr ko`rmagan, gazeta etib bormagan olis qishloq o`qituvchilari 12 ta nashrga majburiy obuna qildirilmoqda.
Tahririyatimizga “Vochax" tog` qishlog`i o`qituvchilari 12 ta nashrga majburiy obunaga jalb qilinganlarini aytishdi.
Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani, “Vochax” tog` qishlog`idagi 46-maktab o`qituvchilari 12 turdagi nashrlarga majburiy obuna bo`lishlari talab etilmoqda. Bu qishloqqa shu vaqtgacha elektr toki etib bormagan. Shunga qaramasdan 46-maktabning 24 nafar o`qituvchilardan 320 ming so`m evaziga 12 ta nashrga obuna bo`lishlari talab etilgan. Ushbu maktab o`qituvchisining aytishicha, obuna bo`lganlariga yarasha gazetalar “Vochax" tog` qishlog`iga etib kelmaydi. “Bir yil ichida 1, 2 ta gazeta etib keladi”, deydi maktab o`qituvchisi. Gazetalar etib bormagan bu qishloqda gaz va elektr yo`q, ammo majburiy obuna bor.
Qishloqning sivilizasiyadan uzilib qolganiga qayg`urmagan mutasaddilar undan to`lovlar undirishdan tortinayotganlari yo`q. Sham nurida dars qilayotgan qishloq o`quvchilariga shu vaqtgacha obuna bo`lgan nashrlari etib kelmagan. Ammo, har yili ularning maoshidan obuna uchun pul undirilib kelinadi.