Ko`p qavatli uylar oldiga qo`yilgan kuzatuv kameralari ko`rgazma vazifasini bajarmoqdami?

27.12.2021 11:10

Aholi xavfsizligi uchun o`rnatilgan bu kuzatuv kameralariga kim javob beradi?

Rost24.uz saytiga Chilonzor tumani Zarqo`rg`on mahallasida istiqomat qiluvchi aholi tomonidan, xuddi shu muammoda murojaat kelib tushgan. Mayda o`g`riliklar sodir bo`layotgan ushbu mahalla fuqarolari mavjud kameralar ishlamayotganidan norozi.

Ko`p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholining xavfsizligini ta`minlash maqsadida binolar atrofida kuzatuv kameralari qo`yilishi bu maqsadli tizim hisoblanadi. Bu tizimni bizning yurtimizda ham ishlayotganligi ko`zni quvontiradi. Lekin ushbu kuzatuv kameralari ko`rgazma vazifasini bajarib qo`ymayaptimi? Aholiga bu kameralar xizmat qilmoqdami?

Ushbu muammo bilan Rost24.uz saytiga murojaat kelib tushdi. Murojaatni voqea joyiga borib muxbirimiz o`rgandi.

Toshkent shahar Chilonzor tumani Zarqo`rg`on mahallasida istiqomat qilayotgan aholi o`rnatilgan kameralar ishlamayotganligidan norozi. Mahalla hududida juda ko`p mayda o`g`irliklar sodir bo`layotganligi tufayli aholi mahalla nozirlariga murojaat qilganda "Kamerani ko`rgazma uchun qo`yib qo`yishgan, bu ishlamaydi", – deb javob berishgan. Buyumlari yo`qolgan fuqarolar ushbu voqealar bo`yicha to`liq ma`lumot berishdi.

Fuqaro Nafisa Suyarova shunday deydi:

"Biz Chilonzor 16-kvartalda yashaymiz. Uyimizni oldidagi kameralar ishlamaydi. Bu bo`yicha ko`p joylarga murojaat qildik. "Uchastkavoy"ga chiqdik, "JEK"ga murojaat qildik. Mahalla xodimlarining ko`piga aytdik, lekin natija yo`q. Hali ham ishlamaydi. Juda ko`p o`g`irliklar bo`lyapti. O`zim birinchi qavatda turaman, hovlimdagi narvon, bolalar aravachasi yo`qoldi. Kuni kecha qo`shnimning 2-sinf qizini qulog`idagi ziragini echib ketibdi. Mana shu uyimizni oldida bo`lgan voqealar bular hammasi. Kimga murojaat qilishimz kerak? 

2 yildan beri ahvol mana shunday. Bu kameralar kimga tegishli ekanligini mahallada ishlaydiganlar ham bilmas ekan. Biz kimga murojaat qilishimiz kerak? Kecha shu qizni qulog`idan ziragini echib, o`g`irlab ketishgandan keyingina biz sizlarga murojaat qildik. Bundan katta narsalar bo`lmasligi uchun harakat qilyapmiz".

Ziragini qulog`idan echib olib ketgan qizning onasi qizi bu vaqtda juda ham qo`rqqanligini, o`sha zahotiyoq mahallaga chiqib bu holatni aytib, kameralarni ko`rsatishlarini aytgan ekan. Lekin ushbu kameralar ishlamaydi, shunchaki turibdi degan javoblarni eshitgan. Bu o`g`rilik bo`yicha albatta, Ichki ishlar xodimlari keraklicha ishlarni amalga oshirib, ishni ko`rib chiqib tergov uyushtiradi. Bizning olib chiqayotgan muammomiz bu - ishlamayotgan kameralar.

Bu bir mahalladagi holat. Lekin bunday mahallalar ko`p bo`lishi ham mumkin. O`rnatilgan, ammo ishlamayotgan kameralarga kimdir javob berish kerak.

Zarqo`rg`on mahallasi Ichki ishlar xodimlariga bu holat bo`yicha javob olishga borganimizda, boshlig`i xonasida yo`q ekan. Og`zaki javob olamiz deb telefon qilsak, telefonini ko`tarmadi. Keyinroq yangi kirgan bir xodimi keldi va "bu bo`yicha biz ham yuqoriga hujjat qilganmiz. Ishlasa bizga ham yaxshi" deya qisqa javob berdi. Boshlig`ini ruxsatisiz ular intervyu bera olmasligini aytib gapini tugatdi.

O`rganganimizda shu narsa aniq bo`ldiki, ular aholiga umuman boshqa gapni, bizga boshqa gapni aytishdi. Bu muammoni yuqori tashkilotlarga hujjat bilan olib chiqqanmiz, agar bu muammo bartaraf etilsa bizga ham yaxshi degan gaplarni aytib o`tgan mahalla xodimlari rostdan ham shunday qilganmi? Bu tizimda kim bir birini aldamoqda? Aholiga boshqa gap, jurnalistlar borsa boshqa gap bilan javob berayotganlarmi, yoki haqiqatdan ham yuqoridagi tashkilotmi..?

Bu kuzatuv kameralarining doimiy ishlashiga kim javob beradi? 

Katta shaharlardagi ko`p qavatli uylarda aholi xavfsizligini ta`minlash uchun bu kameralar zarur emasmi?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар