Toshkent shahar va viloyat hokimliklarida birin-ketin «Davlat xaridlari to`g`risi»dagi qonun buzilish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqida korrupsiyaga qarshi kurash agentligi muttasil axborot berib bormoqda.
Biroq, hokimliklarda korrupsion holatlar aniqlanishiga qaramasdan shu vaqtgacha biron marta viloyat yoki shahar hokimi o`zi boshqarayotgan hokimlikdagi yirik o`g`riliklar uchun javobgarlikka tortilmadi.
Rost24.uz sayti muxbiri bu borada korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rahbari Akmal Burxonovdan munosabat so`radi.
"Mening taklifim, umuman bizni agentlikni bu bo`yicha pozisiyasi tuman darajasida bo`lsa ham Respublika qaysidir ma`noda javobgar bo`lishi kerak. Men jinoiy javobgarlik qilish degan ma`noda aytmayapman. Umuman siyosiy jihatdan ham o`sha sohani eng yuqorisidagi rahbari qaysidir ma`noda javobgar bo`lishi kerak. Buning mexanizmini yaratishimiz kerak. Bu birinchi qadam bo`lib, aytganimday, hozir har bitta vazirlik, idorani korrupsiyaga qarshi kurashishga chorlash kerak.
Hozir nomini aytmayman, lekin hozirgi kunda korrupsiya eng ko`p bo`lgan vazirlik, idorani aytishimiz mumkin, lekin uning rahbari juda yaxshi ishlayotgan bo`lishi mumkin. Buni pastdagilar qilayapti. U rahbar bo`lgandan keyin hammaga, ularni ishiga javob berishi kerak, ya`ni pastdagi siyosatga, qonun buzilishiga javob berishi zarur. Xorij tajribasini ko`radigan bo`lsak, rivojlangan mamlakatlarda bitta xodimini qilgan qilmishi uchun tepadagi rahbari iste`fo beradi. Shu mexanizmlarni bizda ham joriy etish vaqti keldi deb o`ylayman.
Yana bir marta takrorlayman, davlatning maqsadi kimdir jinoyat sodir qilsa, o`sha odamning rahbarini emas, boshqalarni o`rniga javobgar qilib yuborish kerak degan siyosatdan yiroqmiz. Biz javobgarlik muqarrarligini ta`minlashimiz kerak. Ya`ni to`g`ridan-to`g`ri kim jinoyat qilgan bo`lsa, javobgarlikka tortiladi. Lekin bizning fikrimizcha, o`sha sohaning rahbariyati ham qaysidir ma`noda javobgar bo`lishi kerak. Mas`uliyatni oshirishimiz kerak", – Akmal Burxonov
Ma`lumot o`rnida:
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 1 noyabrda e`lon qilgan xabarda Namangan, Xorazm, Navoiy viloyat hokimliklarida tender qoidalari buzilganligi ma`lum qilingan. Unda korrupsion holat miqdori 4,7 milliard so`mligi aytiladi.
Avgust oyidagi agentlik ma`lumotida naqd 461,3 milliard so`mlik korrupsion holat aniqlangan. Bu holat ham tender qoidalarining buzilishi bilan bog`liq. Ko`p hollarda tender yakunlanmay ba`zida e`lon qilinmay qurilish ishlari bitkazilishi yoki g`oliblarning aniq bo`lishi kuzatilgan.
Xususan Toshkent shahar hokimligida ham tender g`oliblari e`lon qilinmasdan 3,7 milliard so`mlik ta`mirlash va qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
Jizzax, Toshkent, Andijon viloyati hokimliklarida ham xuddi shunday korrupsion holatlar aniqlanganini agentlik xabar bergan edi.
Agentlikning 2021 yilning 6 oylik davri bo`yicha bergan axborotida Respublika bo`yicha byudjet buyurtmachilari tomonidan qiymati 141 milliard so`mlik 458 ta tanlovda «Davlat xaridlari to`g`risida»gi va «Raqobat to`g`risida»gi Qonun talablari buzilishiga yo`l qo`yilganligi aytiladi.