Adliya vazirligi Antikorrupsiya agentligini yolg`on ma`lumot tarqatishda aybladi

23.12.2021 14:00

Adliya vazirligi: "Olmos" dam olish maskani to`g`risidagi ma`lumotlar ochiqlangan!

Adliya vazirligiga tegishli “Olmos” dam olish maskani haqidagi ma`lumot vazirlik rasmiy veb-saytida va Ochiq ma`lumotlar portalida aks ettirilmaganligi to`g`risida tarqalgan xabarlar yuzasidan Adliya vazirligi quyidagilarni ma`lum qiladi.

Birinchidan, Prezidentning 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son Farmoni bilan Ochiq ma`lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo`lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma`lumotlar ro`yxati tasdiqlangan.

Ushbu ro`yxatning 8-bandida ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo`lgan yuridik shaxslar hamda davlat unitar korxonalari ro`yxati, davlat nomidan aksiyador funksiyalarini amalga oshirayotgan tashkilot, korxona hududi, STIR, davlat ulushi to`g`risidagi ma`lumotlar Ochiq ma`lumotlar portaliga joylashtirish kerakligi belgilangan.

Biroq, bu majburiyat Adliya vazirligiga emas, balki Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga yuklatilgan.

Shuningdek, 8-bandda ma`lumotlar rasmiy veb-saytda joylashtirilishi kerakligi to`g`risida talab mavjud emas. Ya`ni yuqoridagi ma`lumotlar faqatgina Ochiq ma`lumotlar portalida ko`rsatilishi kerakligi aytilgan.

Boshqacha aytganda, ushbu holatda Vazirlikni ma`lumotlarni ochiqlamaslikda, ya`ni dam olish maskani to`g`risidagi ma`lumotlarni Ochiq ma`lumotlar portalida yoki veb-saytda joylashtirmaslikda ayblash noo`rin.

Ikkinchidan, Adliya vazirligiga ma`lumotlarni ochiqlab rasmiy veb-saytda aks ettirish belgilanmagan bo`lsa-da, vazirlik ushbu ma`lumotlarni ochiqlagan.

Xususan, Konvension markaz DUKga oid to`liq ma`lumotlar Adliya vazirligining rasmiy saytiga joylashtirilgan (2021 yil 20 oktyabr kuni, manzil).

Uchinchidan, ushbu maskan to`g`risidagi ma`lumotlar Toshkent viloyat adliya boshqarmasi tomonidan 2021 yil 29 oktyabr kuni xat bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyati boshqarmasiga taqdim etilgan.

Shu sababli, ushbu ma`lumotlar Ochiq ma`lumotlar portalida mavjud yoki mavjud emasligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ushbu ma`lumotlarni portalga qo`ygan yoki qo`ymaganligi bo`yicha Vazirlik ma`lumotga ega emas.

Ma`lumot uchun: Farmon ijrosini ta`minlash maqsadida adliya vazirining 2021 yil 6 iyuldagi 203-um-son buyrug`i qabul qilingan. Hujjatga ilova tarzda zaruriy axborotlar bilan ta`minlash, doimiy ma`lumotlarni o`z vaqtida joylashtirish, ularni doim yangilanib borish uchun mas`ul xodimlar biriktirilgan.

Vazirlik rasmiy saytining “Byudjet to`g`risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochiq ma`lumotlar” bo`linmasida Farmon talablaridan kelib chiqib, joylashtirilishi lozim bo`lgan barcha ma`lumotlar aks ettirilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар