Yoxud amaldorlar o`z zimmasidagi eplay olmagan vazifalarni boshqalarga ag`darishni odat tusiga kiritdimi?
Investisiya vaziri Sardor Umrzoqov soxta investisiyalar uchun javobgarlikni bo`yniga olmayapti
Bir qancha lavozimlar egasi hamda Investisiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Toshkent shahri va boshqa hududlardagi omadsiz investisiyalar uchun javobgarlikni bo`yniga olmadi.
Toshkent shahridagi bir qancha yirik ob`ektlar bir, ikki oy avval xorijda ro`yxatdan o`tib ochilgan investorlarga (firmalarga) topshirib yuborilmoqda. Shu vaqtgacha bu qo`shtirnoq ichidagi investorlarni jalb qilish amaliyoti uchun hech kim javobgar, deb topilmadi.
Rost24.uz muxbiri ayni masala yuzasidan investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqovga murojaat qildi.
Suhbat quyidagicha kechdi:
– Ayrim investisiyalardan korrupsiyaning hidi kelyapti, yirik-yirik ob`ektlar xorij firmalarga 0 qiymatda sotilyapti. Lekin, jurnalistlar surishtiruvlaridan keyin o`sha firmalar chet elda bir oy oldin ochilgan bo`lib chiqmoqda? Nima uchun soxta investorlarni jalb qilish kuchayib ketmoqda? Bu investisiya jalb qilishda korrupsiya kuchayganidan dalolat emasmi?
– Endi uni albatta, tegishli organlar tekshirishi kerak, ko`rish kerak, uni kim sotyapti auksionda? Uni albatta ko`tarish kerak. U savollaringizni ko`proq auksion o`tkazadigan odamlarga bering”, – deya javob qaytardi Sardor Umrzoqov.
Agar G`ofur G`ulom bog`i, Chorsu mehmonxonasi kabi davlat ahamiyatidagi yirik investision loyihalar uchun javobgarlik Investisiya va tashqi savdo vazirligiga tegishli bo`lmasa, kimga tegishli?
«Investisiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Prezident Farmonida esa vazirlikning vazifalari qatoridan Davlat taraqqiyot dasturi va investisiya dasturini, shuningdek sohaviy va hududiy investisiya dasturlarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish hamda samarali amalga oshirishni ta`minlash bo`yicha davlatning yagona investisiya siyosatini hayotga tatbiq etish ham joy olgan.
Lekin, shunga qaramasdan vazir Sardor Umrzoqov soxta investorlar uchun javobgar emasligini ma`lum qilmoqda. Aniqrog`i u «bu savolni auksion o`tkazgan odamlarga bering», deya mas`uliyatni, javobgarlikni boshqalarga ag`darmoqda. Poytaxt hududiga jalb etilgan soxta investorlar mamlakat miqyosidagi investisiyalar oqimiga ta`sir etishi tabiiy. Ammo, bu muammo vazir uchun muhim emasdek.
Investisiya va tashqi savdo vazirligi bilan birga har bir viloyat va tuman hokimligi boshqaruvida hokimlarning investisiya bo`yicha o`rinbosarlari mavjud. Bir masala bo`yicha bir nechta organlar shug`ullanadi. Biroq, shunga qaramasdan tarmoqdagi muammolarga javobgarlar topilmayapti. Balki, aynan bir-birini takrorlovchi organlarning ko`pligi ham mas`uliyatsizlikka olib kelar.