Muhojirotdagi o`zbek jurnalisti – Ismat Xushevning kitobi O`zbekistonda chop etildi.
Real voqealar asosida muhrlangan “Oqlanmagan ishonch qissasi”ning taqdimoti Yozuvchilar uyushmasida o`tkazildi.
2015 yil. Hali u kunlarga “qatag`on yillari” deb rasman ta`rif berilmagan bo`lsada, odamlar bir biridan hadiksirab, qo`rquv iskanjasida yashayotgan davr edi. Qo`rquv qutqusi ayni avjiga chiqqan zamonlarda bir tanishim telefonidan “Dunyo O`zbeklari” saytidagi maqolalarni o`qiyotgan ekan.
Undan go`yo hayratlangandek “qo`rqmaysizmi” deya so`radim. U biroz kuldida, “Bu saytning dunyo bo`ylab 10 million a`zosi bor ekan, O`zbekistonda shuncha odam sig`adigan qamoqxona hali qurilmagan. Shuning uchun qo`rqmay o`qiyapman” deya javob bergan edi.
Shunday zamonlar bo`ldiki, odamlar hattoki yozilganlarini o`qishga qo`rqadigan bir zamonda Ismat Xushev baralla baqirib gapirdi.
Ismat Xushev ijodkorlarga xos bo`lgan ikkita jihat – qo`rquv va o`zini senzura qilish xislatlaridan butunlay holi inson.
U shu darajada erkin va dovyurak ijodkorki, nimani xohlasa – shuni yozadi, qanday xohlasa – shunday gapiradi. U to`g`ri-yu bu noto`g`ri deb o`zini senzura qilib o`tirmaydi. Dilidagini “pryamoy” tiliga chiqaradi. Vaholangki, vaqti kelib xato gapirib, kimningdir dilini og`ritgan bo`lsa uzur so`rashni ham kanda qilmaydi.
Ijodni sobiq sho`rolar davrida boshlab, chorak asrlik I.Karimov davrida ham to`xtatmadi. Hech kim to`xtata olmadi. Ijod qilganda ham yonib-kuyib ijod qildi, shafqatsiz siyosatchilarning olovli davralarida ham raqs tushib ijod qildi. Chorak asrlik tizimda hukmron bo`lgan “ijodkorlarning og`zini yopish siyosati”ga boshqa ijodkorlar qatori rozi bo`lib ketavermadi. U kurashdi, imkon tugaganda esa xorijdan turib kurashdi. Nima bo`lganda ham sukut saqlash Ismat Xushev uchun emasligini amalda isbotlab keldi.
Uning individual kurashi esa bir millatning yuzlab ijodkorlari ijodiga tatidi desak ham mubolag`a bo`lmas...
Uning kurashiga guvoh inson sifatida shuni aytishim shartki, o`sha yaqin o`tmishdagi kurashlar shunchaki yo`q bo`lib ketishga mahkum emas. Aksincha, tarix zarvaraqlarida qolishi kerak.
Biografik sarguzasht uslubida yozilgan “Oqlanmagan ishonch qissasi” ana shu yaxshi-yomon kunlarni tarixga muhrlanishining bir ibtidosi sanaladi.
Gapning indallosini aytganda, kitob muallifi Ismat Xushevning o`zi ham tirik tarix va ensiklopediyadir.
“Oqlanmagan ishonch qissasi” ziddiyatlarga boy yaqin o`tmishni ko`z oldingizda gavdalantiradi. Kitobning birinchi varag`ini ochishingiz bilan o`qimaysiz, muallif bilan birga o`sha zamonda yashab ko`rasiz. O`sha davrlarni tanangizda his etasiz.
Haqiqiy kurashlar qanday bo`lishini tushunasiz. Asosiysi, senzurasiz yashash ijodkor uchun haqiqiy lazzat ekanligini anglab etasiz.
“Oqlanmagan ishonch qissasi” haqiqiy ijodkor qanday bo`lishi kerakligidan saboq beruvchi ilk qo`llanma.
Sh.Xolmuhammad