Hukumatdagi qarorlardan qochib qutula olmayotgan "so`ngi yashil hudud"imiz yo`q bo`lib ketish arafasida
Botanika instituti va muzeyi qurilsa, bu ob`ektlar bog` hududidagi daraxt va o`simliklarga ziyon keltirishi aniq.
Toshkent shahridagi eng noyob bog`, afsuski hali-hanuz muammolardan to`la qonli xalos bo`la olmadi. Bir qancha qarorlar chiqarildi, lekin mutasaddilar bu qarorlarga rioya qilmadi.
Botanika bog`i hududida Botanika instituti, Milliy gerbariy va Botanika muzeyini joylashtirish uchun yangi zamonaviy bino qurish loyihasi ishlab chiqilgan. Bu loyiha uchun hali to`liq budjet ajratilmagan. Lekin yangi yil kirishi bilan bu ish amalga oshishi aniq bo`lib turibdi, chunki loyiha konsepsiyasi ishlab bo`lingan.
Ushbu masala qay tariqa ketayotganidan xabardor bo`lish maqsadida Rost24.uz axborot sayti Botanika bog`i ma`muriyati bilan bog`landi.
"Bu loyiha kiritilgani haqida aytildi, lekin hali budjetdan mablag` ajratilmagan. Yangi yilda bu narsa amalga oshishi mumkin".
"Bu qurilish o`simlik va daraxtlarga ziyon keltirmaydimi, qaysi joyidan quriladi", deb bergan savolimizga quyidagicha javob oldik:
— Yo`q, bu narsa daraxt yo`q maydonga quriladi. Gaz shoxobchasi tarafdagi joyda, bilsangiz, ochiq maydon bor. Mana shu maydonga qurilishi aytib o`tilgan edi. Lekin bu bo`yicha hali hech qanaqa rasmiy narsa yo`q. Balki qurilmas, balki qurilsa ham umuman boshqacha bo`lar, — deb aytib o`tdi Botanika bog`ining uzoq yillik xodimi Atirgul opa.
Bu so`zlar shunga ishoraki, bog` xodimlari yana biron-bir ko`ngilsiz ish bo`lishidan xavotirga tushmoqda.
Qurilish boshlansa shundoq ham yashillik tugab borayotgan poytaxtda yana qo`shimcha muammolar paydo bo`lmasligiga kafolat yo`q. Toshkent shahar hokimligi "tinch qo`ymayotgan" birgina shu bog` hududida ham nimalardir sodir bo`lishini oldindan taxmin qilish mumkin.
Negaki, bunday holat faqat hozir sodir bo`lmayapti. Mana necha yillardan beri bu bog` saqlab qolinishi uchun harakat qilinmoqda. Mazkur ilm dargoh ham yo`qotilish arafasida turgandek go`yo. Buni oddiy aholi ham tushunib, ko`rib turibdi. Bog`da turli shovqinli tadbirlar o`tkazildi, tadbirdan keyin chiqindizorga aylandi. Bu haqida OAVda reportajlar tayyorlagan edi. "Forumdan keyingi Botanika bog`i manzarasi" nomli reportajda ko`rishingiz mumkinki, bu bog` hududida umuman tadbir qilish mumkin emas. Hatto, bog` hududida konsert uchun mo`ljallangan maydon ham qurib qo`yilgan. Bu joy nima uchun kerak?
Botanika bog`i xodimining aytishiga qaraganda, bu joyni Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mana shu joyda konsertlar o`tkazilsa bo`lar ekan, deya aytib o`tib, joyni madaniyatga berilishini aytgan. Hayriyatki, bu masala bo`yicha ijrtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilinib, holatga barham berilgan ekan.
Botanika bog`i xodimlari mana shunday ishlar yuz berganidan keyin bu bog`ning saqlanib qolishiga, kelajakda yo`q bo`lib ketmasligiga shubha bilan qaraydigan bo`lishdi...
Toshkent shahar hokimligi, mazkur bog` Markaziy Osiyoda yagona, uni asrab qolish uchun nimaga hech narsa qilinmaydi?
Chiqarilgan qarorlar qachon ishlaydi?
"Bu erni tadbir qilishga mos joy ekan" degan vaqtlarda, nimaga hokimlik sukut saqlab o`tiradi?
Ilm dargohi, "Toshkentning o`pkasi" hisoblangan mazkur go`shaning ustida ,aslida, hech qanday gap-so`zlar bo`lmasligi kerak. Nimaga shuncha xalq buni xohlaydi va kurashadi, hokimlik jim o`tiradi?..
Botanika bog`i rahbariyati va xalqimiz bu bog` boqiy bo`lib qolishi uchun barcha ishlarni qilmoqda. Ammo hukumatning bir gapi va...
Markaziy Osiyodagi davlatlarni misol qilib keltiradigan bo`lsak, ularning barchasida 2-3 tadan Botanika bog`lari mavjud. Qozog`istonning 4 ta shahrida bunday bog`ni uchratishimiz mumkin. O`zbekistonda esa bitta Botanika bog`i bor. Chet mamlakatlari yashillikni saqlab, ularni ko`paytirishga harakat qilayotgan bir vaqtda, biz “chiranib” ushbu bog`ni ham yo`q qilish payiga tushib qolmayapmizmi?
Toshkent viloyati O`zbekiston atmosferani zaharlash bo`yicha oldingi o`rinlarda turgan bir vatqda, mazkur hududni 2 baravar asrashimiz kerakligini Toshkent shahar hokimligi qachondir tushunarmikan?..
Botanika instituti va muzeyi ochilishi daraxt va noyob o`simliklarga zarar etkazmagan tarzda quriladi, deb umid qilishdan boshqa ilojimiz yo`q...
***
Botanika bog`i haqidagi Rost24.uz da e`lon qilingan materiallar: