Savdo markazi portlashiga sabab, uning qurilish va shaharsozlik normalariga amal qilmagan holda gaz quvurining ustiga qurilishi bo`lganligi aytildi.
Denov shahar gaz bo`limi boshlig`i va Hududgaz Surxondaryo gaz ta`minotining 2 nafar xodimiga "qamoqqa olish" ehtiyot chorasi qo`llanildi.
Surxondaryo viloyati, Denov tumanida 7 dekabr kuni portlab ketgan "Indenim" savdo markazi, qurilish normalari buzilgan holda, gaz quvurining ustiga qurilgani sababli baxtsiz hodisa yuz bergan. Bu haqida hokimlik axborot xizmati ma`lum qildi.
Denov tumani hokimligida bo`lib o`tgan majlisda "Hududgaz Surxondaryo" gaz ta`minoti filiali direktori M.Mansurov ushbu holat bo`yicha izoh berdi.
Ma`lum qilinishicha, 2013 yilda qurilgan savdo majmuasi, Denov tumani hokimligi qozonxonasini gaz bilan ta`minlaydigan erosti o`rta bosimli gaz quvuri ustida qurilgani. Vaholanki, amaldagi qurilish normalari va shaharsozlik qoidalariga muvofiq, har qanday bino va inshoot poydevori gaz quvuri orasida 4 metr masofa bo`lishi kerak, deyilgan xabarda.
"Indenim" savdo majmuasi gaz quvurining aynan ustida qurilgani sababli er ostidagi kommunikasiyalar sozligini tekshirish imkoni ham bo`lmagan. Bino ostida hosil bo`lgan daydi toklar metall quvurlarning tashqi korroziyasiga va gaz quvurida nuqsonlar paydo bo`lishiga olib kelgan. Bu esa o`z navbatida gaz sizib chiqishiga va gaz-havo aralashmasining chaqnashiga sabab bo`lgan", - deyiladi xabarda.
Shundan so`ng Surxondaryo hokimi tumanda aniqlangan yana 25 ta ana shunday qoidabuzarliklar bilan qurilgan bino va inshootlarni gaz ta`minotidan uzish haqida topshiriq berdi. Viloyatdagi barcha ijtimoiy soha ob`ektlarini inventarizasiya qilish, qoidabuzarliklar aniqlanganda ularni ham gaz tarmog`idan uzish vazifasini qo`ydi.
Denovdagi savdo majmuasida yuzaga kelgan chaqnash hodisasi bo`yicha tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida 15 dekabr kuni Denov shahar gaz bo`limi boshlig`i, Hududgaz Surxondaryo gazta`minotining 2 nafar xodimlari jami 3 nafar shaxsga Jinoyat kodeksining 116, 214-moddalari bilan ayb e`lon qilinib, "qamoqqa olish" ehtiyot chorasi qo`llanildi.
Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.