«Akkord ICIC» kompaniyasi sabab, O`zbekiston va Ozarbayjon o`rtasida munosabat sovuqlashishi mumkinmi?

14.12.2021 13:59

Toshkent – Termiz yo`nalishidagi yo`l qurilishi Ozarbayjon kompaniyasi aybi bilan yakuniga etmayapti, shu bilan birga davlat ahamiyatiga molik yo`lning sifatsizligi aytilmoqda.

O`zbekiston Ozarbayjon kompaniyasi bilan shartnoma tuzib, «Toshkent — Termiz» yo`nalishidagi avtomobil yo`lining (21 km) qismiga asfaltbeton yotqizishi kerak edi. Ammo, Ozarbayjonning O`zbekiston hukumati bilan shartnoma qilgan «Akkord industry construction investment corporation» kompaniyasi yo`l qurish ishlarini  vaqtida yakunlamagani sababli loyiha jar yoqasiga kelib qoldi.

Surxondaryo viloyatidan o`tuvchi M-39 «Toshkent — Termiz» avtomobil yo`lining 1395-1400 km va 1410-1426 km qismlariga (21 km) asfaltbeton yotqizish orqali rekonstruksiya qilish loyihasiga Islom taraqqiyot bankidan 33,1 mln. dollar miqdorida investisiya jalb etib, qurilish ishlarini olib borish bo`yicha Ozarbayjon Respublikasining «Akkord industry construction investment corporation» kompaniyasi («Akkord ICIC») bilan 2020 yilning may oyida shartnomalar tuzilgan.

«Akkord ICIC» kompaniyasi yo`l qurilish sohasi bo`yicha maxsus texnikalari va mutaxassislari etarli bo`lsa-da, O`zbekistondagi qayd etilgan loyihani bajarishda bir qator salbiy holatlarga yo`l qo`ymoqda.

Jumladan, shartnoma shartida loyiha muddati 2021 yilning 30 noyabr kuniga qadar bajarish belgilangan. Biroq, kompaniya tomonidan qurilish ishlarining to`liq quvvatlarda olib borilmagani, rahbar xodimlar ish boshqaruvini to`g`ri tashkil etmagani natijasida shartnomada ko`rsatilgan ish hajmini bajarish jadvalidan keskin ortda qolgan. Xususan, kompaniya 2021 yilning oktyabr oyiga qadar loyihaning 15,9 mln. AQSh dollar qismini (51%) bajargan xolos. Loyihani yakunlash uchun qisqa muddat qolgan bo`lsa-da, rekonstruksiya qilinishi lozim bo`lgan 21 km uzunlikdagi yo`lning biror bir qismida ishlar to`liq yakunlanmagan. 

Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Avtomobil yo`llar qo`mitasi tomonidan joriy yilning boshida kompaniyaning bajargan ishlarida 1,5 mln. dollari qiymatida sifatsiz ishlar mavjudligi aniqlangan.

Shartnoma shartlarini bajarilmasligi qaysi tomonga qanchaga tushadi?

«Akkord ICIC» kompaniyasi rekonstruksiya ishlarini belgilangan muddatda bajara olmasa, O`zbekiston hukumati shartnomani bekor qilishi va 6,6 mln. AQSh dollar miqdorida kafolat summasini undirish mumkin. Buning natijasida O`zbekiston loyihani davom ettirishi uchun bir yil muddatga kechikadi.

Kompaniya belgilangan muddatda loyihani bajarmasa hamda ishlarni davom ettiradigan bo`lsa, shartnomaning umumiy summasidan kunlik 0,02 foiz (o`rta hisobda 3000 AQSh dollar) miqdorida penya undirish mumkin.

Shartnoma shartlari bajarilmasligi natijasida, avtomobil yo`lining rekonstruksiya ishlari nihoyasiga etmaydi va bitmagan ob`ekt uchun O`zbekiston Respublikasi Islom taraqqiyot bankidan olingan qarz mablag`lariga foiz to`lovlarini to`lash lozim bo`ladi. Qolaversa, avtomobil yo`lida transport vositalarining harakatlanishi natijasida, bajarilgan ishlar sifatsiz holga keladi va sarflangan mablag`ni O`zbekiston uchun zarar sifatida baholanadi. 

O`zbekiston Respublikasi tomonidan Islom taraqqiyot banki bilan qarz mablag`larini o`zlashtirish bo`yicha joriy yilning 5 dekabr kuniga qadar kelishuvlar tuzilgan. Loyihani davom ettirish uchun bank bilan kelishuvlar muddatini uzaytirish lozim bo`ladi va buning uchun 3-5 oy muddat talab etadi. 

Tabiiyki, mazkur holatlar O`zbekistonning tranzit avtomobil yo`llarini rivojlanmasligiga va iqtisodiy salohiyatiga salbiy ta`sir ko`rsatadi.

Qolaversa, ko`rsatib o`tilgan holatlar O`zbekiston va Ozarbayjon respublikalarining diplomatik aloqalariga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin.

 

Rost24.uz muxbiri yuzaga kelgan muammo sabablarini o`rganish maqsadida bir necha bora «Akkord ICIC» kompaniyasiga qo`ng`iroq qildi. Ammo, kompaniya vakillari qo`ng`iroqlarimizga javob qilmadi. «Akkord ICIC»ning Toshkentdagi ofisida ham kompaniya vakillarini uchrata olmadik.
Ayni damda saytimiz mazkur firma haqida ma`lumot olish uchun Ozarbayjon Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasiga murojaat qilgan.
Eslatib o`tamiz, saytimiz «Akkord ICIC» tomonning munosabatlari uchun ochiq.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
7
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар