Farg`ona viloyati Adliya boshqarmasi xabar berishicha, 2020-2021 yillarda Farg`ona viloyatidagi maktab va maktabgacha ta`lim muassasalari xodimlarining oylik ish haqlaridan turli maqsadlar uchun jami 921 million 619 ming so`m mablag` noqonuniy ushlab qolinganligi aniqlangan.
Qonunchilikka ko`ra, xodimlar sog`liqni saqlash muassasalarida bepul tibbiy ko`rikdan o`tish lozim bo`lib, bunda ushbu xodimlar chiqimdor bo`lmasligi belgilangan bo`lsada, 2021 yilning fevral va iyun oylarida Buvayda tumani maktabgacha ta`lim muassasalarida ishlovchi 96 nafar xodimdan tibbiy ko`rik uchun oylik ish haqlaridan 52 000 so`mdan jami 5 mln 900 ming so`m mablag` noqonuniy ushlab qolingan.
O`rganishlar natijasida qonun buzilishiga yo`l qo`ygan 167 nafar mansabdor shaxs ma`muriy javobgarlikka tortilgan.
Eslatib o`tamiz, Mehnat kodeksining 164-moddasiga ko`ra xodimning yozma roziligi bo`lmay turib uning ish haqidan ushlab qolinishi mumkin emas. Shuningdek, mazkur moddada ish haqidan xodimning roziligisiz ham ushlab qolinishi mumkin bo`lgan holatlar sanab o`tilgan bo`lib, ular orasida hashar, partiyaga a`zolik, sug`urta, obuna kabi to`lovlar nazarda tutilmagan.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 49-moddasiga asosan mansabdor shaxs tomonidan mehnat qonunchiligini buzish 1 350 000 so`mdan 2 700 000 so`mgacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo`ladi.