«Yoshlar oyligi tadbirlariga byudjetdan 2 milliard so`m ajratilgan. Lekin bu hamma sarflanayotgan mablag` emas. Umumiy hisobda taxminan 6 milliardga yaqin pul ketdi». Bu haqda Yoshlar forumi oldidan o`tkazilgan matbuot anjumanida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev ma`lum qildi.
Jahongir Ortiqxo`jaev forumda TikTok yulduzlarining ishtirok etishi bo`yicha berilgan savolga ham javob berdi:
— TikTok ham ijtimoiy tarmoqlar, internet olamining bir qismiga aylanib ulgurdi. Ularni cheklash emas, balki to`g`ri yo`lga solishimiz kerak. O`zbekiston — demokratik davlat, bizga cheklash yarashmaydi. Ularni to`g`ri yo`lga solsak, bugun arzimasdek ko`ringan o`sha yoshlar ertaga kerakli insonga aylanadi.
Eslatib o`tamiz, 18-21 dekabr kunlari poytaxtda ilk marotaba «Toshkent yoshlar forumi - 2020» o`tkazilmoqda.Muloqotlarda 5 mingga yaqin yoshlar o`z sohalarida taklif va taqdimotlar bilan qatnashadi. Shuningdek, ushbu yirik tadbirda «Yoshlar va gender tengligi» mavzusidagi taqdimotlari, maxsus effektlardan foydalanish bo`yicha master-klass, «Debyut» – qisqa metrajli filmlar namoyishi o`tkaziladi. O`zbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirishga qaratilgan «Yangi Toshkent» foto va videoroliklar tanlovi sovrindorlarining ko`rgazmasi va "Humo Arena« muz saroyida esa »Street workout" musobaqasi bo`lib o`tadi.