FOTOFAKT
Poytaxt bozorlari atrofidagi o`zboshimchaliklarga barham berildi.
Rost24.uz axborot sayti zamonaviy va gavjum bozorlarimiz atrofidagi joylar zo`ravonlar va ko`cha "dolya"chilari egallab olayotganligi haqida bir necha marotaba bong urdi.
Bozorlar atrofida ro`y berayotgan beboshliklarga Prezidentimiz ham jiddiy e`tiroz bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoev Shayxontohur tumaniga tashrifi davomida poytaxtda jinoyatchilik holatlari oshgani haqida gapirib, shahar IIBB boshlig`i hamda shahar prokurorining faoliyatini tanqid ostiga olgan edi.
«Toshkentdagi jinoyatchilik bo`yicha vaziyatni men aytmay, sizlar eshitmang. Jinoyatchilar orasida «soliqchilar» paydo bo`ldi hozir. Ular bozorlardan soliq undirishyapti, davlatdan alohida soliq oladigan guruhlar paydo bo`lgan. Men er tagida ilon qimirlasa bilaman. Biz bundaylarni darhol jilovlashimiz kerak, jilovlaymiz ham», – dedi Sh.Mirziyoev.
Oradan biroz o`tib Poytaxtimiz bozorlari atrofidagi "bardak"larni ommaviy tozalash boshlandi.
Asosan xalq tilida "Ippodrom" deb ataluvchi bozorlar majmuasi, Chorsu va Qo`yliq bozorlarining atrofi "yoymachi"lar bilan to`lib ketgan edi.
Ayni kunda bularning barchasi bartaraf etildi.
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati Rost24.uzga bozorlar atrofida ko`tarilgan muammolarning barchasi bartaraf etilganini ma`lum qildi.
"Chorsu, Qo`yliq va Abu Saxiy bozorlarining atroflarida noqonuniy va o`zboshimcha qurilgan qo`lbola savdo rastalari olib tashlandi. Ammo bu tadbir oson bo`lmayapti. Ayrim fuqarolar buni noto`g`ri tushunishmoqda", – dedi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.
Eslatma: Abu Saxiy bozor ma`muriyati ma`lum qilishicha, joyi buzilgan "yoymachi"lar uchun bozor ichkarisidan 2022 yil mart oyigacha tekin turish imkoniyati bilan 500 ta o`rin ajratgan.