1 dekabrdan 2 dekabrga o`tar kechasi Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi bog`ida Manguberdining haykali g`oyib bo`lgan. Ijtimoiy tarmoqda bu voqea katta shov-shuvlarga sabab bo`lmoqda.
Urganch shahar matbuot xizmatining rost24.uzga ma`lum qilishicha, “Haykal olib tashlanmagan, balki, ko`chirilgan."
Hozirda Prezident topshirig`iga binoan xiyobonda Jaloliddin Manguberdining 25 metrlik haykali o`rnatilgan.
“Bitta joyda ikkita haykalning turishi g`alati, shuning uchun biz eski haykalni harbiy qismga ko`chirib o`tkazdik. Yangi haykal turistlarni ko`proq o`ziga jalb etmoqda”, – deydi Xorazm viloyat matbuot kotibi Odilbek Odamboev.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilning 12-13 mart kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlariga asosan Al-Xorazmiy ko`chasida "Jaloliddin Manguberdi xiyoboni" tashkil etilmoqda.
"Urganch shahridan o`tuvchi "Shovot" kanalining chap qirg`og`ida joylashgan "Jaloliddin Manguberdi" bog`ida joylashgan Jaloliddin Manguberdi haykali viloyat qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi Arxitektura-shaharsozlik Kengashi tomonidan Shimoliy g`arbiy okrug 53008-harbiy qismning maydoniga ko`chirib o`tkazilgan.
Uning o`rni obodonlashtirilib, aholi dam olish xiyoboniga aylantirilishi belgilangan", dedi – O.Odamboev.