Kuz kelishi bilan uy oldi-sotdisi avjiga chiqadi. Qisqa qilib aytganda, maklerlar uchun «sezon» boshlanadi. Boshqa viloyatlardan talabalar va ishchilarning oqib kelishi hisobiga, poytaxtda rieltorlarsiz uy topish katta muammoga aylanadi. Poytaxtda qulay lokasiyalarda joylashgan, o`rtacha sharoitli uylar taxminan eng kamida 500 dollardan boshlanadi. Makler xizmatlaridan foydalanish esa uy narxining 50 foiziga teng.
Agar Toshkentda o`rtacha sharoitli, qulay manzilda joylashgan uyda ijarada turishni istasangiz, qo`lingizda eng kamida 700 yoki 800 dollar pul bo`lishi shart. Bu esa, sizning yarim yillik ish haqingiz bo`lishi ham mumkin. Ishonmaysizmi? 2026 yilning sentyabr holatiga ko`ra, mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori 1 million 360 ming so`mni tashkil qiladi. Bu summaning 6,5 barobari esa bir oylik ijara haqini to`lashga etib qolsa kerak.
Qisqasi, uy ijaraga olmoqchi bo`lsangiz, bir uyni o`zingiz band qilmoqchi bo`lsangiz, uy egasiga alohida, maklerga alohida pulni o`sha zahotiyoq, o`ylab o`tirmay to`liq berishingiz shart. Aks holda, uysiz qolishingiz hech gap emas. Viloyatdan poytaxtga ma`lum sabab bilan kelgan insonlarning deyarli yarmi umrida bir marta bo`lsa ham shunday bosim ostida uy masalasida aldangan.
Keling, bir nechta ma`lum «ssenariy»larni sanab o`tamiz. Eng sodda holatlardan biri – viloyatda turib, uyni ko`rmasdan, uy egasi va maklerga pulning yarmini tashlab berish.
Hozirgi kunda urfga kirgan holat esa, uy egasi va maklerlar o`rtasida til biriktirib, sodda ijarachini «tutish»dir. Bu qanday bo`ladi desangiz, holatni to`g`ri baholagan inson sentyabr kelmasidan, ya`ni narxlar ko`tarilishiga ulgurmasdan, makler orqali ijaraga uy topib, joylashib oladi. O`rtadagi shartnomani keyingi oyga qilib berishga kelishiladi. Bir oy turganingizdan so`ng kutilmaganda eshik taqillab, makler keladi va zudlik bilan uyni bo`shatib berishingiz so`raladi. Sabab esa oddiy. Uy egasining talabi bilan uy uning qarindoshi uchun bo`shatilishi kerak yoki bir kunlik to`lovni kechiktirganingiz uchun siz endi loqayd insonsiz. Ijara narxlari oshgan, makler esa bir oy oldin olgan 50 foiz pulini qaytarib berishdan bosh tortadi. Uning ustiga, uy topishda yordam berishi evaziga unga yana haq to`lashingiz kerak. Uyni bo`shatib berishingiz bilan esa, o`rningizga navbatdagi «xo`raklar» kela boshlaydi. Uyni topib bergani uchun yana 50 foiz xizmat haqi to`laysiz. Shunday qilib, bunday uylar odam yashashi uchun emas, «oborot» qilib turishga xizmat qiladi.
Eng qiziq tomoni shundaki, bunday masalalarda kimga murojaat qilishingizdan qat`i nazar, bu ishda yo makler g`olib bo`ladi, yoki shunchaki taslim bo`la qolganingiz ma`qul. Chunki prokuraturaga murojaat qilsangiz-u, u erda hech qanday tanishingiz bo`lmasa, murojaatingiz ko`rib chiqilishi uchun kamida yarim oy vaqt kerak. Bu vaqt ichida, tabiiyki, siz ko`chada yashab turmaysiz. Undan ko`ra «och qornim, tinch qulog`im» deb kechib yuborishni afzal ko`rasiz. Kun qahramonlarimiz esa, o`z bizneslarini bemalol davom ettiraveradilar.
Darhaqiqat, ba`zi maklerlarni bu masala yoki qonuniy choralar bilan qo`rqitib ham bo`lmaydi. Prokuraturaga murojaat qilinganidan xabar topsa, oldingizda qandaydir «tanishlari» orqali masalani «yopti-yopti» qilishga ham tayyor.
Rostdan ham, nega ularga nisbatan hech qanday huquqiy choralar ko`rilmayapti? O`zbekistonda tizimsiz maklerlik tizimi shunchalik keng tarqaldiki, ishdan bo`sh vaqtida istagan odam shu ish bilan shug`ullanyapti. Haqqoniy ishlasa, topgan puli halol bo`lsin. Lekin inson qay biri haqqoniy, qay biri «qaroqchilik» bilan shug`ullanayotganini bilib bo`lmaydi. Ularda na hujjat bor, na shartnoma qilishni bo`yniga oladi, na ulardan kimdir tovlamachilik qilsa, unga qonuniy chora ko`riladi. Har yili bu masala yalpi ravishda bir shov-shuvga aylanadi-yu, nega oxiri nima bo`lgani ochiqlanmasdan, imo-ishorasiz to`xtab qoladi?
Yuqoridagi masala bizga tushgan murojaatlar asosida tayyorlandi.