Andijonda kelasi yil 5 milliard dollar investisiya jalb qilish vazifasi qo`yildi

24.09.2026 12:51

Shavkat Mirziyoev raisligida Andijon viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazilmoqda.

Yig`ilishda qayd etilganidek, 2026 yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foizga, sanoat 9,2 foizga, xizmat ko`rsatish sohasi 16,1 foizga, investisiyalar hajmi esa 8,9 foizga o`sdi.

Prezident o`sish ko`rsatkichlaridan ko`ra, har bir natija odamlar hayoti va oilaviy daromadlariga qanday ta`sir qilayotgani muhimligini ta`kidladi.

Andijonda keyingi 10 yilda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun respublika byudjetidan 20 trillion so`m, banklar tomonidan esa 90 trillion so`m mablag` yo`naltirilgan. 2026 yilda aholi farovonligini oshirish uchun yana 6 trillion so`m ajratildi.

Viloyatda sanoat va tadbirkorlik uchun ajratilgan 1 ming gektar er maydoni hisobiga 7 milliard dollar investisiya jalb qilish hamda kamida 70 mingta yuqori daromadli ish o`rni yaratish vazifasi qo`yildi.

2027 yilda Andijon viloyati iqtisodiyotini kamida 10 foizga o`stirish, 5 milliard dollar investisiya jalb qilish va eksport hajmini 1,5 milliard dollarga etkazish maqsad qilingan.

Yig`ilishda investisiyalarni diversifikasiya qilish, yuqori qo`shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e`tibor qaratildi.

Avtomobilsozlik va mashinasozlik sohasidagi 30 yillik tajriba asosida «Asaka muhandislik vodiysi»ni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda dasturiy ta`minot, elektronika, elektromexanika va muhandislik xizmatlari bo`yicha yagona zanjir yaratiladi.

Shuningdek, muhandislik, energetika, sanoat va IT yo`nalishlarida 10 ming nafar talabani qamrab olgan tizimni yo`lga qo`yish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik markazlari orqali yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish vazifalari belgilandi.

To`qimachilik sohasida Evropa dizaynerlari, konstruktorlari va brendlarini jalb qilish orqali eksport hajmini 1,5 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan.

Viloyatdagi yillik aylanmasi 100 milliard so`mdan yuqori bo`lgan 104 ta korxonada qo`shimcha 20–30 mingta ish o`rni yaratish choralari ko`riladi. Aylanmasi 1 trillion so`mdan yuqori bo`lgan 4 ta korxonada modernizasiya qilish orqali qo`shilgan qiymatni 40–50 foizga oshirish vazifasi qo`yildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash maqsadida yirik chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik majmualarini ko`paytirish rejalashtirilmoqda.

Ulug`nor tumanida 5 ming gektar maydonni paxtadan ozuqa ekinlariga o`tkazish va kamida 10 ming bosh qoramol boqish imkoniyatini yaratish belgilandi. Baliqchi tumanida 20 million dollarlik tovuq go`shti etishtirish majmuasi tashkil etiladi. Ushbu tajriba asosida Jalaquduqda 4 ta, Xo`jaobodda esa 3 ta shunday majmua barpo etiladi.

Shuningdek, Ulug`norda Baliqchi tumani tajribasi asosida 1 ming 200 gektarlik baliqchilik klasteri tashkil etiladi.

Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlarida adir erlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish va sanoat bog`larini tashkil etish rejalashtirilgan. Ularda shaftoli, olcha, o`rik va olxo`ri kabi meva daraxtlari etishtiriladi.

Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash ulushini hozirgi 16 foizdan 30 foizga etkazish va eksport hajmini 500 million dollarga chiqarish vazifasi belgilandi.

Shuningdek, kichik qayta ishlash uskunalarini lizing asosida berish uchun 100 milliard so`m ajratiladi. Baliqchi tumanidagi 5 gektarlik issiqxona loyihasini respublika bo`ylab ommalashtirish uchun 300 milliard so`m, shundan Andijon viloyatiga 50 milliard so`m yo`naltiriladi.

Yig`ilishda yirik ish beruvchilarni qo`llab-quvvatlash choralari ham belgilandi. Kamida 1 ming nafar ishchisi bor korxonalarga xodimlarni o`qitish va transport xarajatlarining 50 foizini qoplash mexanizmi joriy etiladi. 5 yildan ortiq ishlagan xodimlarning farzandlari uchun kontrakt to`lovlarini qoplab berish imkoniyati yaratiladi.

Andijon Farg`ona vodiysining muhandislik kadrlari markaziga aylantirilishi rejalashtirilmoqda. Viloyatdagi 12 ta oliy ta`lim muassasasida 95 ming nafar, 59 ta texnikumda esa 60 ming nafar yosh tahsil olmoqda.

Amaliy ta`lim yo`nalishlarini 46 ta sanoat zonasi va 56 ta yirik korxonaga ko`chirish, yil yakuniga qadar dual ta`lim qamrovini kamida 80 foizga etkazish vazifasi qo`yildi.

Andijon texnika instituti faoliyati qayta tashkil etilib, xorijiy menejer va professorlar jalb qilinadi, ta`lim dasturlari yangilanadi hamda alohida dizayn fakulteti tashkil etiladi. Bu maqsadlar uchun 25 milliard so`m ajratiladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар