Yotoqxonadan chiqarib yuborilgan talabalar boshqa yotoqxona va ijara xonadonlariga joylashtirildi

08.10.2026 09:02

Toshkent shahar hokimi o`rinbosari Durdona Rahimova boshchiligidagi ishchi guruh talabalar yotoqxonasiga borib, vaziyatni joyida o`rgangan. O`rganishda tadbirkor, mas`ullar, prokuratura xodimlari hamda Toshkent davlat texnika universiteti rahbariyati ishtirok etgan.

Ma`lum bo`lishicha, Talabalar shaharchasida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan mazkur talabalar turar joyi hali rasman foydalanishga topshirilmagan. Ob`ektning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan va foydalanish uchun zarur ruxsatlar olinmagan.

Bundan tashqari, binoning issiq suv va isitish tizimlari hali ulanmagan. Yong`in xavfsizligi bo`yicha ham ob`ekt amaldagi talablarga to`liq javob bermaydi.

Shu sababli talabalar xavfsizligini ta`minlash maqsadida ular mazkur ob`ektdan chiqarilib, universitetning mavjud talabalar turar joylari hamda ijara xonadonlariga joylashtirilgan.

Toshkent shahar hokimligi ma`lum qilishicha, ob`ektga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan to`lovlar tadbirkor tomonidan uch kun muddatda to`liq qaytarib beriladi.

Ayni paytda ob`ektning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish bo`yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Holat bo`yicha barcha jihatlar o`rganilib, talabalarning xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini ta`minlash choralari ko`rilmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар