Konimex tumani «Birlik» mahallasida 1 oktyabr — O`qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan «Biznesni rivojlantirish banki» ATB hamda Konimex tumani hokimligi ko`magida «Lavenir» o`quv markazi o`z faoliyatini boshladi.

Yangi tashkil etilgan markazning ochilish marosimida bank Boshqaruvi raisining o`rinbosari O. Vohidov, tuman hokimi R. Ro`ziev, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ayni paytda tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlarni kasb-hunarga o`rgatish va ularning tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha imkoniyatlar kengaytirilmoqda. Bu sa`y-harakatlar natijasida yangi tadbirkorlik sub`ektlari soni ortib, aholi bandligini ta`minlashga qaratilgan loyihalar ko`lami kengaymoqda.

«Lavenir» o`quv markazida 4 ta yo`nalish bo`yicha ta`lim va xizmatlar yo`lga qo`yilgan:
qandolatchilik;
zargarlik;
tikuvchilik;
yarim tayyor mahsulotlar tayyorlash.

Ayni paytda markazda 12 nafar ishchi faoliyat yuritmoqda, 20 nafar o`quvchi esa kasb-hunar sirlarini o`rganmoqda. Shuningdek, ijtimoiy reestrda turgan 10 nafar xotin-qizning bandligi ta`minlandi.

Markaz faoliyati orqali xotin-qizlarning kasbiy ko`nikmalarini shakllantirish, ularni daromadli mehnat bilan band qilish hamda tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish maqsad qilingan.

Kelgusida «Lavenir» o`quv markazi faoliyatini yanada kengaytirish, yangi filiallar tashkil etish, shuningdek, olis cho`l hududlarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlarni kasb-hunarga o`rgatish va tadbirkorlikka yo`naltirish rejalashtirilgan.