O`zbekiston Ichki ishlar vazirining sobiq o`rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullaev Toshkent shahrining Chilonzor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig`i etib tayinlandi. Tegishli buyruq Ichki ishlar vaziri tomonidan imzolangani va tayinlov IIV matbuot xizmati tomonidan tasdiqlangan.
Bekmurod Abdullaev 2021 yildan 2025 yil noyabriga qadar ichki ishlar vazirining o`rinbosari, Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig`i lavozimida ishlagan. U 2025 yil 3 noyabrda ushbu lavozimdan ozod etilgan.
2026 yil yanvar oyida Abdullaev va Jazoni ijro etish departamentining sobiq rahbari Rustam Tursunovga nisbatan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi davlat xaridlari bilan bog`liq jinoyat ishi qo`zg`atilgani ma`lum qilingan. Prezident raisligidagi yig`ilishda davlat xaridlari jarayonida 186 milliard so`m byudjet mablag`lari talon-toroj qilingani haqida xabar berilgan edi.
Abdullaev aprel oyida davlatga etkazilgan zararni qoplaganidan keyin unga nisbatan qo`llangan qamoqqa olish ehtiyot chorasi garovga o`zgartirilgani haqida ham xabar berilgan. Keyinroq ish yopiq sud majlisida ko`rilayotgani aytilgan. Sudning yakuniy natijasi bo`yicha ochiq rasmiy ma`lumotlar esa hozircha cheklangan.
Shunday vaziyatda sobiq yuqori lavozimdagi ichki ishlar amaldorining oradan ko`p o`tmay yana tizimda rahbarlik lavozimiga qaytarilishi jamoatchilik e`tiborini tortishi tabiiy. Ayniqsa, uning nomi davlat mablag`lari talon-toroj qilinishi bilan bog`liq jinoyat ishida sudlanuvchi sifatida tilga olingan bir paytda yangi tayinlov amalga oshirilgan.
Ayni paytda Abdullaevning aybi bo`yicha yakuniy sud hukmi ochiq manbalarda keltirilmagan.