«Ekofaol fuqaro» – nomi bor-u, faoliyati yo`q ilovadan nimalar kutamiz?

12.10.2026 18:55

Davlat fuqaroni sog`lom turmush tarziga undasa, uning har bir qadamini rag`batlantirishga va`da bersa, bundan faqat quvonish kerak. Odamlar ko`proq yuradi, kamroq avtomobil ishlatadi, salomatligiga e`tibor beradi, shahar havosining tozaligiga o`z hissasini qo`shadi. Buning nimasi yomon? Muammo g`oyada emas. Muammo yaxshi g`oya ortidan ishonchli tizim, aniq hisob-kitob va fuqaro oldidagi mas`uliyat kelmasa, boshlanadi. O`zbekistonda qadam tashlagan fuqaroni rag`batlantirish g`oyasi birinchi marta paydo bo`layotgani yo`q. Bu yo`nalishda avval ham davlat platformasi ishga tushirilgan, keyin uning huquqiy asosi bekor bo`lgan. Keyin esa, «Ekofaol fuqaro» nomi ostida yangi tizim taqdim etildi.
 
2021 yilda Vazirlar Mahkamasining 28 apreldagi 253-son qarori bilan «Sog`lom turmush tarzi» platformasi faoliyatini tashkil etish tartibi belgilangan edi. Hujjatda fuqarolarni kundalik yurish va yugurishga rag`batlantirish mexanizmi nazarda tutilgan. Unga ko`ra, 18 yoshdan katta fuqaro bir sutkada 10 ming va undan ortiq qadam yursa, elektron hamyoniga 3 ming so`m o`tkazilishi, shuningdek eng ko`p yurgan ishtirokchilar uchun qo`shimcha mukofotlar berilishi belgilangan. Qarorda platforma 2021 yil 10 maydan sinov rejimida ishlashi, 1 iyundan esa to`liq ishga tushirilib, to`lovlar belgilangan tartibda amalga oshirilishi ko`rsatilgan. Bu aniq moliyaviy majburiyat nazarda tutilgan davlat dasturi edi. Biroq, mazkur qaror 2022 yil 15 yanvardan o`z kuchini yo`qotgan.


Lekin to`lovlar nima sababdan to`xtagani, qancha mablag` to`langani yoki qancha fuqaro rag`batsiz qolgani ma`lum qilinmagan. Afsuski, ochiq manbalarda mazkur savollarning barchasiga bir joyda javob beradigan to`liq hisobotni aniqlashning iloji bo`lmadi.
 
Endi «Ekofaol fuqaro»ga kelaylik. 2026 yil 21 aprelda Vazirlar Mahkamasining 195-son qarori qabul qilindi. Unda «Bir million yashil oila» umummilliy harakati doirasida «Ekofaol fuqaro» va «Yashil tadbirkor» maqomlarini berish, ishtirokchilarni rag`batlantirish tartibi belgilandi. Qarorga muvofiq, Ekologiya va iqlim o`zgarishi milliy qo`mitasi uch oy muddatda «ekofaolfuqaro.uz» va «yashiltadbirkor.uz» platformalarini ishga tushirishi lozim edi.
 
Yangi platformaning o`ziga kirib ko`rsak, u avvalgi «Sog`lom turmush tarzi» dasturidan farq qiladi. Rasmiy saytda har kuni 10 ming qadam yurganlik uchun 15 ball berish, daraxt ekish uchun 50 ball, quyosh panelining har bir kilovati uchun 100 ball va boshqa ekologik faoliyatlar uchun ham ballar hisoblash ko`rsatilgan. «Ekofaol fuqaro» maqomiga erishish uchun 25 ming ball to`plash talab etiladi. Avvalgi tizimda belgilangan talabni bajargan fuqaroga elektron hamyoniga pul o`tkazish nazarda tutilgan edi. Yangi platformada esa asosiy mexanizm ball to`plash, maqom olish va muayyan imtiyozlardan foydalanishga qaratilgan.
 
Fuqaro bir kunda 10 ming qadam yursa, 15 ball oladi. Maqomga erishish uchun esa 25 ming ball kerak. Agar fuqaro faqat qadam yurish orqali ball to`plasa, boshqa ekologik faoliyatlarsiz bu chegaraga etish uchun qariyb 1667 kun, ya`ni to`rt yarim yildan ko`proq vaqt talab etiladi. Bu oddiy arifmetika. Albatta, yangi dastur faqat qadam yurishni emas, daraxt ekish, chiqindilarni tozalash va boshqa ekologik ishlarni ham rag`batlantirishni ko`zda tutadi. Lekin fuqaroga ball tizimining mantig`i, maqomga erishishning real imkoniyatlari va imtiyozlardan foydalanish shartlari sodda tilda tushuntirilmagan ham.
 
Ilovaning texnik ishlashi alohida va asosiy masala. Foydalanuvchilarning ayrimlari qadamlar to`liq hisoblanmayotgani, ilova uzluksiz ishlamayotgani va amalda undan foydalanish qiyinligidan norozi bo`layotgani haqida shikoyat qilib yurgan bir vaqtda, ilovaga umuman kirib bo`lmaydigan bo`lib qo`ya qoldi.


Agar fuqaro telefondagi boshqa qadam hisoblagichda 10 ming qadam yurganini ko`rsa-yu, davlat platformasida bundan ancha kam raqam chiqsa, u qaysi hisobga ishonishi kerak? Qadamlar qaysi algoritm asosida hisoblanadi? Telefonning operasion tizimi, energiya tejash rejimi yoki fon jarayonlarining cheklanishi natijaga ta`sir qiladimi? Ma`lumotlar Google Fit yoki Apple Health kabi xizmatlardan olinadimi yoki mustaqil hisoblanadimi? Xato hisoblangan qadamlarni qayta tekshirish va shikoyat qilish mexanizmi bormi?
 
Rasmiy saytning o`zida ballar ma`mur tasdig`idan keyin hisobga qo`shilishi aytilgan. Qadam yurish kabi avtomatik o`lchanishi mumkin bo`lgan ko`rsatkichlarda tasdiqlash jarayoni qancha vaqt olishi, ballar qachon hisobga tushishi va rad etilgan natija yuzasidan nima qilish mumkin? Qolaversa, saytdagi ma`lumotlarning o`zida «Yashil oila» uchun 140 ta maxsus sovg`a haqida ma`lumot berilgan bo`lsa, boshqa qismlarda elektromobillar soni boshqacha ifodalanadi.
 
Endi to`lovlarga o`taylik. «Ekofaol fuqaro» dasturida har 10 ming qadam uchun to`g`ridan-to`g`ri pul to`lash mexanizmi avvalgi dasturdagidek belgilanmagan. Yangi tizim ballar va maqom asosida ishlashi belgilangan.


Loyiha uchun byudjetdan qancha mablag` ajratilgani, ishlab chiqish va texnik xizmat ko`rsatish shartnomalari kim bilan tuzilgani, ishlar qaysi mezonlar bo`yicha qabul qilingani, tizim belgilangan talablarga javob berishi qanday tekshirilgani kabi ma`lumotlarning barchasi mavjud bo`lsa, ularni bir joyga jamlab e`lon qilish kerak.


«Ekofaol fuqaro» g`oyasining o`zi qog`ozda go`zalligicha qoldi, ammo hozircha uning faol ishlaganini hech kim tasdiqlay olmaydi. Ro`yxatdan o`tishning one ID orqali o`tish yo`li bor, ammo u ishlamaydi, tizimga kirish imkoni yo`q.


Avvalgi platforma haqidagi savollar javobsiz qolib, yangi platforma esa aniq natijalarni ko`rsatmasa, yangidan yangi ilovalarning nima kreagi bor? Unga qancha, qaerdan mablag` sarflanyapti?
 
Ekologiya va iqlim o`zgarishi milliy qo`mitasidan bir nechta aniq talabni ilgari surish payti kelgandir? Birinchidan, avvalgi «Sog`lom turmush tarzi» platformasining faoliyati, sarflangan mablag`lar va to`lovlar bo`yicha yakuniy hisobot e`lon qilinsin.

 Ikkinchidan, «Ekofaol fuqaro» platformasining ishlash holati mustaqil texnik tekshiruvdan o`tkazilib, qadamlarni hisoblash aniqligi va ma`lumotlar uzatilishi haqida xulosa berilsin. Uchinchidan, ro`yxatdan o`tganlar, maqom olganlar, foydalanilgan imtiyozlar va tushgan shikoyatlar bo`yicha muntazam statistika ochiqlansin. To`rtinchidan, fuqarolar uchun xato hisoblangan qadamlar yuzasidan murojaat qilish, natijani qayta tekshirish va belgilangan muddatda javob olish tartibi soddalashtirilsin. Beshinchidan, dasturga sarflangan byudjet mablag`lari va ishlab chiqish shartnomalari haqidagi ochiq ma`lumotlar jamoatchilikka taqdim etilsin.


Gap davlatning va`dasiga, jamoatchilik mablag`larining sarfiga va fuqaroning ishonchiga bo`lgan munosabat haqida ketmoqda. Fuqaro uchun eng muhim rag`bat ball ham, maqom ham emas. Uning harakati behuda ketmayotganini bilish, tizimning adolatli ishlayotganiga ishonish va savol berganda javob olish imkoniyatidir. «Ekofaol fuqaro» bu ishonchni allaqachon oqlolmadi, ammo hamma jim, nima bo`ldi, nima bo`ladi?

M.Voris

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар