Biz xalq dushmani emasmiz yoxud Rost24.uz amalda to`rtinchi hokimiyat bo`lishga intilmoqda...

23.11.2022 08:00

Jurnalistlarni qo`rqitadiganlar bor ekan, qo`rqadigan jurnalistlar ham bo`laveradi. Ammo, biz qo`rqsak-da yozaveramiz, jurnalistika bilan shug`ullanaveramiz.

Biz maqola yozamiz, amaldorlarning turfa "o`yinlarini" xalq bilishi, xabardor bo`lishi kerak ma`lumotlarni berishga intilaveramiz. Ammo, bizni tuxmatda “zakaz” material yozishda ayblashadi, biz esa yozaveramiz.

Biz maqola yozamiz vazirlar, hokimlar, monopolistlarning kirdikorlari, kamchiliklarini ochamiz, bu haqida xalq bilishga xaqli deb bilamiz va bu haqida yozaveramiz. O`sha vazir yoki hokimning dushmanlari uyushtirgan, deb o`ylaydilar. Biroq bu biz uchun xalq bilishi kerak bo`lgan ma`lumot. Uning ortidagi o`yinlar tugamaydi, ammo xalq uchun ochiqlash kerak bo`lgan ma`lumotlarni berish uchun biz ham yuguraveramiz. 

Bizga qo`ng`iroqlar bo`ladi, tuhmatlar bo`ladi, yollangan trollar “armiya”sining haqoratlari kelaveradi, ammo biz yozaveramiz.

Guruhlar o`ziga bizni og`dirmoqchi bo`lishadi, shaxslar yaqinlashishga istaydi, kimlardir manfaatdor qilishga intiladi, ammo biz og`ishmaslikka urinamiz. Jurnalistika bilan ham kimdir shug`ullanishi kerak, deb o`ylaymiz. Ayrimlar yozgan maqolalarimizdan manfaat qidirishadi. Ammo biz parvo qilmaymiz, axir ular manfaatsiz ham jafokash odamlarga yordam berish, millatga hech bir tamasiz ham xizmat qilish kerakligini qaerdan ham bilsin.                      

   ***    

TV ekranlarida chiqib, jadal suratda amalga oshayotgan islohotlar haqida to`lqinlanib gapirayotgan amaldor xalqni ahmoq deb o`ylaydimi yoki o`zi shundaymi...

Bugun biz yashayotgan jamiyat boshqa, u 25 yillik davrdagi “biz yaxshi yashayapmiz”, qabilidagi reportajlarga aldanmaydi. Ammo, buni yuqoridagilar anglamayotgandek...

Bugun axborot iste`mol qilayotgan odamlar boshqa, jamiyat boshqa. Tanqidiy nazar, qolipdan chiqib fikrlash ko`paygandek. Ayblovlar o`sha-o`sha – tanqidiy nazar bilan maqola yozuvchilarni xalq dushmaniga chiqarish prinsiplari hamon ishlayotgandek...

Erta tongni qahva va so`z erkinligi ufurib turgan gazeta bilan boshlamasam-da televizor ko`rib nonushta qilaman. Bugun tongda ko`rgan reportajim O`zbekiston jurnalistikasi haqida chuqurroq fikr yuritishga chorladi. “O`zbekiston24” kanalining tongi reportajlarida Toshkentning qaysidir tumanidagi poliklinikada elektron navbat hisoblagich o`rnatilgani haqida xabar ketardi. Keyingi reportajlar ham shu qatori edi. O`ylab qoldim, yangi ishga tushgan elektron navbat hisoblagich haqida axborot berish uchun voqea joyiga  jurnalist, tasvirchi va haydovchi, ya`ni uch kishi etib borgan. Bu favqulotda muhim bo`lgan reportajni tasdiqlash uchun muharrir ham ovora bo`lgan. Ularga byudjetdan, xalq pulidan mablag` safrlangan. Bu reportajni tayyorlayotgan jurnalist o`zi qaysi kasbni tanlaganini bilarmikan? To`rtinchi hokimiyat maqomini ko`tarib yurgan kasb xodimlari tumanda ikki qavvatli poliklinika va davlat xizmatlari agentligi xalq xizmati uchun topshirilgani haqida reportaj tayyorlab yurishdan uyalmaydilarmi? Bu kabi reportaj tayyorlash jurnalistikami, efir to`ldirishmi yoki propogandami? Eng qizig`i mana shu ruhdagi reportajlar iste`molchisi faqatgina hukumat vakillarining o`zi bo`lib qolmayaptimi?

Davlat telekanallarining efirlarini to`ldirayotgan tadbirlar haqidagi reportajlarni ko`rib o`ylab qolaman, bu jurnalistika emas-ku. Lekin, afsuski, ana shu tadbirboz “jurnalistika”miz amaldorlarni ham falon tadbirimizni yoritib bering, deya hisobot berish uchun ishlashga odatlantirib qo`ygandek. Aksariyat tadbirlar “O`zbekiston24” kanali muxbirlari bormasa, boshlanmay turadi. Ana shu tadbirboz “jurnalistika” fonida yuqoridagi 3 hokimiyatni tanqidiy ko`z bilan nazorat qilib maqolalar yaratayotgan saytimizni xalq dushmaniga chiqarib qo`yotgandek. Aslida amaldorlarning faoliyati, kamchiligi ular yo`l qo`yayotgan xatolar haqida ochiq va xolis gapirish haqiqiy jurnalistika hisoblanadi. Ammo, buni hazm qilish qiyin. 

Haqiqiy jurnalistika amaldorlarni xalq oldida hisobdor qilib qo`yadi. Ammo nutqlarga qarsak chalib, “xalq davlat uchun emas, davlat xalq uchun xizmat qilishi kerak”, deya intervyu berayotgan amaldorlar bu gaplari ustidan nazorat qiluvchilar borligiga ko`nika olmayapti.

Tadbirboz reportajlarni ko`rib odatlangan hukumat odamlari jurnalistikaning vazifasi shu, degan tasavvur qolmoqda. Ular haqida tanqidiy materiallar yozib borayotgan saytimizni shaxsiy adovat, yaxshiliklarni ko`ra olmaydigan “g`alamis”larga chiqarmoqda. Davlatning adolat tarozisi qo`lida bo`lgan adliya vazirligining vazir o`rinbosarlarigacha tanqidiy ruhdagi materiallarimiz sabab bizni xorijdan mablag` olishda, sotqinlik va g`alamislikda ayblaganliklariga nima deysiz?

Norasmiy to`rtinchi hokimiyat egalari bo`lgan jurnalistlarning asosiy vazifasi oldindagi uch hokimiyatni nazorat qilish emasmi? Amaldorlarni amal sabab o`zlaridan ketishlari, faoliyatidagi kamchiliklarni yoritish haqiqiy jurnalistika vazifasi hisoblanadi aslida. Biz yangi topshirilgan binolar haqida axborot berish uchun qo`limizga qalam olmaymiz-ku. Qadimda jadidchi ota-bobolarimiz ham jamiyatdagi illatlar haqida ko`p qalam  tebratishgan. Tanqid bilan, xatolarni ochiq tan olish bilan jamiyat rivojlanishi haqida bugun kimgadir gap o`rgatish shart emas. Kamchiliklar, o`xshamagan yoki amalga oshmagan islohotlar haqida gapirish dushmanlik emasligini bugun odamlar yaxshi biladi. Ammo, haqiqiy jurnalistikadan o`zini noqulay sezgan taraf uni dushmanlikda ayblashni ma`qul ko`rmoqda.

Rost24.uz sayti jamiyatdagi muammolarni xolis nazar bilan olib chiqish, 3 hokimiyatni chuqur mikroskop ostida, tanqidiy ko`z bilan nazorat qilishni maqsad qilgan. Bu O`zbekiston qonunchiligida jinoyat hisoblanmaydi. Bu erkin va to`g`ri jurnalistika va ayni damda biz tanlagan yo`l. 

Jurnalistikani “O`zbekiston24” reportajlaridan yoki “Yangi O`zbekiston” sahifalaridan izlaganlarni uyg`otib qo`yishni istardik. Bugungi jamiyat odamlari, yoshlar kechagi emas. Ularni propoganda bilan “sug`orish” imkonsiz. Haqiqiy jurnalistika bilan murosa qilishga ko`niking, tanqidlar ortidan shaxsiy adovat izlamang. Zero, Prezident sizdan talab qilayotgan shaffof va adolatli siyosat ham shu emasmi?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
82
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
26.11.2022 23:21
Rost24ga rahmat mana shuncha yildan keyin rostni tanladim o'ylaymanki adashmadim .
27.12.2021 12:16
Алол окибат сизларни хам ижодингизни бир кун келиб тухтатишади. Буни амалда куряпмиз. Нима булган такдирда хам ижодларингизга омад!
26.12.2021 18:24
Яшанглар, ташаккур сизларга. Кўрларни кўзини албатта очиш керак.
12.12.2021 04:39
Офаринг!!!
03.12.2021 16:14
Ассалому алейкум Rost 24 .uz сайти тиниб- тинчимас ИЖОДКОРЛАРИ! Якинда ижтимоий тармокларда рост24 каналининг ёпилганлиги тугрисда хабарлар таркалганда хафа булдим ва уксиндим киска вакт ичида ХУШ ХАБАР эшитиб манашу каналга ва унинг Бош МУХАРИРИ АнораСодиковага ташаккур айтмокчиман.Ишларинг бардовом булсин. ШАХСАН ТАХРИРИЯТНИНГ БОШ МУХАРИРИ АНОРА ,,,СОДИКОВА.
03.12.2021 14:47
яхши
03.12.2021 06:01
"пропаганда" сўзини тўғирлаб ёзила
03.12.2021 02:35
Телевизор умуман кўрмайман. Айниқса, информацион дастурларни.
03.12.2021 01:34
Gap yuq sayt ajoyib ijoddan tuxtamang
03.12.2021 00:31
Яшанг! Мадддоҳлик тугамас экан, ҳақиқий ва сифатли журналистикага йўл очилмас экан, ҳамма ёқ дабдала бўлиб қолаверади. "Рухсат этилган" сўз эркинлигининг чегарасини ким аниқлаб бера олади?!
02.12.2021 23:11
Янада жасоратли журналистлар. Куркманглар. Сизлар курксангиз амалдорлар кучаяди. Курмасангиз ва куркмаслигингизни курсата олсангиз амалдорлар Сизлардан куркади. Абдукодир Муминов бунга яккол мисолку
02.12.2021 22:52
офарин ўқиб мазза қилдим. Айни ҳақиқатни ёзибсиз. Ўйланиб қоламан Ўзбекистон 24 канали тадбирларда бошқа бирон нарсани ёрита оладими? Энг ачинарлиси айнан ташкилот раҳбарлари Янги Ўзбекистон ва Ўзбекистон 24 га чиқишга ишқибоз..нега шундай? қачонгача?
02.12.2021 22:20
Барчаси аччик хакикат, аср нафас Билан яшамок даркор, ахир биз янги Узбекистонда из!
02.12.2021 20:36
Avval ham yozgan edim: "Quddus bobo (A'zamov) ertaklarini eshitib katta bo'lganmiz"
02.12.2021 20:27
dawdawdawd