DXX er sotuvchi amaldorlarga qarshi kurash boshladi

17.12.2020 06:16

Toshkent shahridagi tuman hokimliklaridan birida ishlovchi mansabdor shaxs Navoiy viloyatida ro`yxatdan o`tgan MChJga Toshkent shahri hududidan 16 sotix er maydonini rasmiylashtirib Toshkent shahar hokimligining tegishli qarorini chiqartirib berish evaziga tadbirkordan har bir sotix er uchun 22 ming AQSh dollaridan jami 352 ming AQSh dollari talab qilgan.

DXX xodimlarining Departament xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazgan tezkor tadbiri davomida ushbu shaxs so`ralgan puldan 35 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent viloyati. DXX xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazgan boshqa bir tezkor tadbiri davomida Toshkent viloyatidagi shahar xokimliklaridan birida mas`ul lavozimda ishlovchi shaxs mahalliy fuqaroga shahar hududidan 15 sotix er maydoni olishida yordam berish evaziga, undan 15 ming AQSh dollari talab qilib, so`ralgan pulning 4,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida, mazkur shaxs dastlabki hujjatlarni tayyorlash uchun muqaddam 5,5 ming dollar olganligi ham ma`lum bo`ldi.

Toshkent viloyatida qayd etilgan yana bir holatda esa muqaddam 4 marotaba sudlangan shaxs Bo`stonliq tumani Hojikent qishlog`idagi 1 gektar er maydonini tuman hokimligidagi tanishlari orqali mahalliy fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 160 ming AQSh dollari talab qilib, shundan 80 ming dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Ushbu 1 gektar er maydoni 80 ming dollarni olish uchun firibgar shaxs bilan birga kelgan, uning ikki nafar qarindoshi nomiga 2007 yilda dehqon xo`jaliklari tashkil etish uchun rasmiylashtirib berilganligi aniqlandi.

Samarqand viloyati. DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand viloyati Er tuzish va ko`chmas mulk kadastri davlat korxonasi Urgut tuman filialining mutaxassisi tumanning “Sariqtepa” massivi hududida joylashgan 15 sotix tashlandiq er maydoniga egalik huquqini beruvchi tuman hokimining qarorini chiqartirib, tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 2000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi suv iste`molchilari uyushmalaridan birining raisi bog`dorchilikka mo`ljallangan er maydonlarini poliz ekinlari ekishga berish orqali shaxsiy moddiy manfaatdor bo`lish maqsadida vakolatini suiiste`mol qilib, mahalliy fermer xo`jaligining 4 gektar er maydonini Guliston shahrida yashovchi fuqaroga ajratib berish evaziga 20 million so`m olgan vaqtida DXX hamda Departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmalari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Jizzax viloyati Zarbdor tumani Er resurslari va davlat kadastr bo`limi xodimi Sh.Rashidov tumanida yashovchi fuqaroga chorvachilik fermer xo`jaligi tashkil etishi uchun Zarbdor tumani hududidan 40 gektar er maydoni rasmiylashtirib olishiga yordam berishini aytib, xizmati evaziga 2000 AQSh dollari talab qilgan.

Jizzax viloyati. DXX Jizzax viloyati boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida kadastr xodimi so`ragan puldan 10 million so`mini olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu noqonuniy ishlarga aloqador bo`lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo`yicha chora-tadbirlar ko`rilmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар