Rost24.uz sayti tomonidan 8 oydan beri ko`tarilib kelinayotgan muammo o`z echimini topdi.
Zangiota tuman hokimining maktab va bog`cha uchun mo`ljallangan Nazarbek hududi 204-kontur maydonining tadbirkorga ko`p qavatli uy qurishi uchun berilishi to`g`risidagi qarori haqiqiy emas deb topildi.
Nurafshon tumanlararo ma`muriy sudining qarori esa bekor qilindi.
Zangiota tumani, Nazarbek QFY, “Forobiy” mahallasida Prezidentning "Besh tashabbus" loyihasi asosida tadbirkorga kutubxona va maktab qurish uchun ajratib berilgan erga zamonaviy turar joylar qurilmoqda. Zangiota tuman hokimligining Prezident farmoni bilan ishlatgan nayrangi bu ishlarni go`yoki qonunan bajarilishiga yo`l ochib bergan.
Respublika prokuraturasi javobiga ko`ra noqonuniy qaror chiqargan Zangiota tumani hokimi 15 ming nafar aholini maktab va bog`chasiz qoldirgan. Nazarbek hududiga kiruvchi 4 ta mahalla – Forobiy, Nazarbek, Qirguzar va Ahilobod, qo`shni Nayman MFYda jami 12000 nafardan ziyod aholi yashaydi, shundan 2876 nafari maktab o`quvchilari, 2374 nafari esa 7 yoshgacha bo`lgan yosh bolalar, 1101 nafar bog`cha yoshidagi bolalarni tashkil etadi. Ular hozirgacha maktab va bog`chasiz yashab kelmoqda.
Hududdagi yagona bo`sh qolgan va sobiq ittifoq davridayoq maktab uchun ajratilgan er Zangiota tuman hokimligi tomonidan amaldagi qonunchilikka zid ravishda tadbirkor uchun zamonaviy turar joylar qurish uchun ajratib berilgan. Zangiota tuman hokimligi Prezidentning besh tashabbusga oid farmoni yuzasidan maktab, bog`cha, kutubxona qurish uchun tadbirkorga erni 0 qiymatda bergan. Bir hafta o`tib esa, tuman hokimi er uchun chiqargan qarorini “zamonaviy turar joylar” qurish uchun ko`rinishida o`zgartiradi.
Eng qizig`i, tuman hokimining qarori O`zbekiston Bosh prokuraturasi va Zangiota tuman prokuraturasi tomonidan amaldagi qonunchilikka zid ekani ko`rsatilib, protest kiritilgan bo`lsa-da, tadbirkorlar qurilish ishlarini shu paytgacha davom ettirib kelindi.
Mazkur masala ko`tarilgach, qurilish ob`ektiga 9 ta vazirlikdan vazir o`rinbosarlari ishtirokida komissiya tuzilib o`rganildi. Jumladan, Qurilish vaziri o`rinbosari N.Babaev, Vazirlar Mahkamasi apparatining bosh mutaxassisi S.Jumaniyozov, Toshkent viloyati hokim o`rinbosari Sh.Hakimov, Adliya vaziri o`rinbosari M.Ikramov, Xalq ta`limi vazirining birinchi o`rinbosari U.Sharifxodjaev, Maktabgacha ta`lim vaziri o`rinbosari N.Muslitdinov, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o`rinbosari T.Nabiev, Davlat soliq qo`mitasi huzuridagi Kadastr agentligi raisi o`rinbosari A.Abdullaev, Toshkent viloyati prokurori o`rinbosari, adliya katta maslahatchisi Sh.Turdaliev kabi mutasaddilar ishni ko`rib chiqishga jalb etildi.
Shuningdek, qurilish jarayonini vaqtincha to`xtatib turishga og`zaki ko`rsatma berildi. Yig`ilish yakunida bayonnoma tuzilib, aholini maktab va bog`cha bilan ta`minlash, qayta sud ishini appelyasiya orqali ko`rish joizligi bo`yicha ko`rsatma berildi. Ammo, ayni damda, qurilish avjida, 15 ming aholining maktabsiz qolayotgani bo`yicha Zangiota tuman hokimligi biron ish qilgani yo`q. “Saylovgacha odamlarni tinchlantirib turish” vazifasini 9 ta vazir o`rinbosarlari uddaladi. Ammo aholining maktabsiz qolayotgani ular uchun nisbatan muhim bo`lmagan ish bo`lib qolmoqda.
Maktab, bog`cha, kutubxona qurishni va`da berib erning asosiy qismiga zamonaviy turar joy qurayotgan tadbirkor ustidan norozi bo`lgan fuqarolar 8 oy davomida sudma sud, idorama idora sarson bo`lishdi.
30 noyabr kuni Toshkent viloyat sudida mazkur masala qayta ko`rib chiqildi hamda hokim qarori haqiqiy emas deb topildi.