O`zbekning terisi shuncha ham qalinmi?
Shilganlari bilan tamom bo`lmaydimi?
Moskvada ishlayotgan o`g`lim Misrga aviachipta olibdi. Borish-kelishi bilan 9969 rublga (130 dollar).
– Dada, siz ham samolyotga chipta oling, Misrda ko`rishamiz, – dedi o`g`lim. Men ham Toshkentdan Qohiraga uchadigan samolyotlarga borish-kelishi bilan chipta qidirdim va ... topdim.
Narxini qarang – 115.150 rubl (1526 dollar).
– O`g`lim, meni kechir, men hali O`zbekistondan Misrga borolmas ekanman, – dedim. Keyin xafa bo`lib, o`ylanib qoldim. Nega bunaqa? O`g`lim 60 dollarga aviachipta olib, Moskvadan Istambulga borib kelibdi . Bizda bir tarafga 600 dollar! Mana, Misrga 130 dollar bilan borib keladi, biz 1526 dollar berishimiz kerak? Nega? Biz Rossiya xalqidan 12 baravar boymizmi? Nimaga bunaqa? Yoki O`zbekiston samolyotlari qimmat benzinda uchib, Rossiya samolyotlari metan gazda uchadimi?
O`zbekning terisini shilib olayotganlar, qachon terimiz tugab bitishini ko`rishmoqchimi? Keyin suyaklarimizni qirib olishni boshlaydilarmi? So`zimning isboti uchun Rossiyadagi aviachiptalar narxi va O`zbekiston havo yo`llari narxi ko`rsatilgan suratlarni ilova qilaman, ular TourDom.ru va https://travel.yandex.ru/ saytlaridan oldindi.
Karimberdi To`ramurod, jurnalist