Talabalarga yotoqxona etishmayotgan bir paytda mavjud yotoqxonalar nega sotilyapti?

16.10.2026 21:16

O`zbekistonda minglab talabalar turar joy muammosiga duch kelayotgan bir paytda Toshkentdagi Nizomiy nomidagi Milliy pedagogika universitetining amalda foydalanilayotgan yotoqxonalari sotuvga qo`yildi. Mas`ullar bu qarorni universitetni Yangi Toshkentga ko`chirish rejasi bilan izohlamoqda. 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari Sohibjon Murodovning ma`lum qilishicha, universitetning Muqimiy ko`chasidagi yotoqxonalari xususiylashtiriladi. Ammo ular yangi kampus qurilib, talabalar ko`chirilganidan keyingina xaridorga topshiriladi.

Mas`ullarga ko`ra, universitet binolari Toshkentning turli hududlarida tarqoq joylashgani sababli talabalar qatnovga ko`p vaqt sarflamoqda. Yangi kampus bu muammoni hal qilishga xizmat qilishi kutilyapti. Shu bilan birga, mamlakatda yotoqxona o`rinlari etishmasligi saqlanib qolayotgani mavjud binolarning keyingi taqdiriga oid savollarni dolzarblashtiradi.

Yotoqxona taqchilligi sharoitida xususiylashtirish

Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, 2026 yil boshida O`zbekistonda turar joyga muhtoj davlat oliy ta`lim muassasalari talabalarining 58 foizi yotoqxona bilan ta`minlangan. Qolgan 42 foizi esa yotoqxonadan joy olmagan.

2025 yil sentyabr holatiga ko`ra, mamlakatda qariyb 270 ming talaba turar joyga muhtoj bo`lgan. Davlat oliygohlari yotoqxonalarida esa 155,8 ming o`rin mavjud bo`lib, taqchillik 114,2 ming o`rinni tashkil etgan.

Bunday sharoitda amalda foydalanilayotgan yotoqxonalarni xususiylashtirishdan oldin ulardan boshqa oliy ta`lim muassasalari talabalari uchun foydalanish imkoniyatini ham ko`rib chiqish maqsadga muvofiq.

Albatta, universitetni yagona kampusga ko`chirish ta`lim jarayonini tashkil etish va talabalar uchun qulay sharoit yaratish nuqtai nazaridan ijobiy tashabbus. Biroq yangi kampus qurilishi mavjud yotoqxonalardan kelgusida qanday foydalanish masalasini ham atroflicha baholashni talab etadi.

Muqimiy ko`chasi, 96-uyda joylashgan 5-, 7-, 8- va 9-sonli yotoqxonalar majmuasi 272,3 milliard so`m boshlang`ich narxda auksionga qo`yilgan.

Ob`ektning er maydoni 1 gektarni, binolarning umumiy maydoni esa qariyb 16 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Universitetning sotuvga qo`yilgan to`rtta ob`ekti bo`yicha umumiy boshlang`ich narx qariyb 1,63 trillion so`mni tashkil etadi.

Sotuv shartlariga ko`ra, ob`ekt 2027 yil 31 dekabrga qadar bo`shatilishi kerak. Uni xaridorga topshirish yangi kampusning tayyor bo`lishiga bog`liq.

Yangi kampus yotoqxona muammosini qanchalik hal qiladi?

Ma`lum qilinishicha, Yangi Toshkentda barpo etilayotgan universitet kampusi 20 ming talabani o`qitish va 5 ming nafarini turar joy bilan ta`minlashga mo`ljallangan.

Hozirgi kunda universitetning ettita yotoqxonasida jami 3200 o`rin mavjud. Yangi kampusda rejalashtirilgan 5 ming o`rin amaldagi ko`rsatkichdan 1800 taga ko`p.

Bu talabalarni turar joy bilan ta`minlash imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Biroq yangi o`rinlar universitetning turar joyga muhtoj talabalari ehtiyojini qanchalik qoplashi haqida ham aniq ma`lumotlar muhim.

Shuningdek, mavjud yotoqxonalar bo`shatilgandan keyin ularni boshqa oliygohlar ehtiyoji uchun saqlab qolish imkoniyati o`rganilganmi, degan savol ham o`rinli.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbarining ta`kidlashicha, amaldagi yotoqxonalar talabalar yangi binolarga ko`chirilguniga qadar faoliyatini davom ettiradi. Bu talabalarning turar joysiz qolmasligi nuqtai nazaridan muhim shart. Biroq matbuot anjumanida yangi yotoqxonalar qurilishini yakunlash va talabalarni ko`chirishning aniq muddatlari aytilmagan.

Davlat mulkining ijtimoiy ahamiyati

Talabalar yotoqxonasi nafaqat ko`chmas mulk, balki yoshlarning ta`lim olishi va ijtimoiy himoyasi bilan bog`liq infratuzilmadir. Ayniqsa, boshqa hududlardan kelgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar uchun yotoqxonada yashash imkoniyati katta ahamiyatga ega.

Shu nuqtai nazardan, davlat tasarrufidagi bunday ob`ektlarni xususiylashtirishda iqtisodiy samaradorlik bilan bir qatorda ijtimoiy ehtiyojlar ham hisobga olinishi lozim. Xususan, sotuvdan tushadigan mablag`larning qaysi maqsadlarga yo`naltirilishi va mavjud binolarni saqlab qolish imkoniyatlari yuzasidan ochiq ma`lumot berilishi maqsadga muvofiq.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар