Bugun Turkiston muxtoriyati tuzilgan kun!
Bundan 104 yil oldin 1917 yilning 27 noyabrida tashkil etilgan muxtoriyat Turkiston o`lkasidagi ilk demokratik hukumat edi.
Markazi Qo`qon shahri.
Hukumat tarkibi 8 kishi bo`lgan. Evropalik aholi vakillari orasidan nomzodlar ko`rsatilishi uchun ularga ham yana 4 o`rin ajratildi.
Hukumat tarkibiga Muhammadjon Tinishboev (Bosh vazir va ichki ishlar vaziri), Islom Shoahmedov (Bosh vazir o`rinbosari), Mustafo Cho`qay (tashqi ishlar vaziri), Ubaydullaxo`ja Asadullaxo`jaev (harbiy vazir), Hidoyatbek Agaev (er va suv boyliklari vaziri), Obidjon Mahmudov (oziq-ovqat vaziri), Abdurahmon O`razaev (ichki ishlar vazirining o`rinbosari), Solomon Gersfeld (moliya vaziri) kiritildi.
Keyinchalik hukumat tarkibida ayrim o`zgarishlar yuz berdi. Savodsiz bolshevik komissarlardan farqli ravishda hukumat a`zolari chuqur ma`lumotli taraqqiyparvar ziyolilar bo`lib, ulardan 5 nafari huquqshunos edi. Turkiston Millat Majlisi 54 nafar (36 musulmon, 18 evropalik) a`zodan iborat bo`lishi kerakligi belgilandi.
Qurultoy jarayonida 32 kishidan iborat Millat Majlisi saylandi.
Biroq bolsheviklar ushbu muxtoriyatni jiddiy xavf ekanligini bilib 1918 yil 30 yanvarda Turkiston o`lkasi XKS Turkiston muxtoriyatini tugatish uchun harbiy harakatlarni boshladi. 13 fevral da janglar boshlandi. Turkiston o`lkasi XKS 1918 yil 14 fevralda (yangi hisob bilan) Farg`ona viloyatida harbiy holat e`lon qildi.
Dastlabki jangda muxtoriyatning milliy qo`shinidan tashqari qo`qonlik tinch aholi vakillari ham qatnashdi. Asosan bolta, cho`kich, tayoq ko`targan xaloyiqning soni 10.000 kishiga etdi. Shunga qaramay, qurolsiz bu kishilar qizil askarlarning Qo`qon shahriga qilgan hujumini uch kun davomida mardonavor qaytardilar. Shu orada muxtoriyatchilar safida parokandalik yuz berdi (18 fevralda ulamolarning tazyiqi bilan Mustafo Cho`qay iste`foga chiqdi va ba`zi vazirlar singari Qo`qonni tark etdi. Ayrim vazirlar (H.Agaev va boshqalar) jangda halok bo`ldi. Hukumatning boshqa a`zolari (O.Mahmudov, Nosirxon to`ra, S.Gersfeld, U.Asadullaxo`jaev, I.Shoahmedov) esa keyinchalik bolsheviklar tomonidan qo`lga olindi.
O`lkadagi ilk demokratik hukumat Turkiston muxtoriyati atigi 72 kun yashay oldi, xalos. 1918 yilning 18 fevralida bu muxtoriyat tugatildi.