OGOHLIK QO`NG`IROG`I: Bozorlar boshqaruvi davlatdan ko`cha qo`liga o`tib ketmoqda

27.11.2021 09:05

Prezident topshirig`i ham bajarilmaydigan davrlar boshlandimi?

Birgina bozor atrofidan har oy tushayotgan 90 ming AQSh dollari qayga ketmoqda?

Prezident Shavkat Mirziyoev Shayxontohur tumaniga tashrifi davomida poytaxtda jinoyatchilik holatlari oshgani haqida gapirib, shahar IIBB boshlig`i hamda shahar prokurorining faoliyatini tanqid ostiga oldi.

«Toshkentdagi jinoyatchilik bo`yicha vaziyatni men aytmay, sizlar eshitmang. Jinoyatchilar orasida «soliqchilar» paydo bo`ldi hozir. Ular bozorlardan soliq undirishyapti, davlatdan alohida soliq oladigan guruhlar paydo bo`lgan. Men er tagida ilon qimirlasa bilaman. Biz bundaylarni darhol jilovlashimiz kerak, jilovlaymiz ham», – dedi Sh.Mirziyoev.

Shu kunlarda holi gavjum bozorlar atrofi yoyma bozorlar bilan to`liq qurshab olinganligi bois zamonaviy bozorlarga bemalol kirining imkoni yo`q. Ushbu manzara mustaqillik yillarining boshlaridagi “bardak” bozorlarni yodga soladi.

Bu bozorlarning qanday paydo bo`lgani bilan qiziqib surishtirganimizda, 2020 yil karantin sabab bozorlar darvozalari yopilgandan so`ng har kim o`z holicha, xohlagan joyida savdo qilishni boshlab yuborganligi ma`lum bo`ldi. O`sha vaqtda sotuvchilar yopiq bozorlar atrofiga mollarini chiqarib sotishni boshlashgan.

Soliq, ijara, kommunal to`lovlar kabi chiqimlardan holi savdo ularga juda ma`qul kela boshlagani bois bu “tadbirkorlik”dagi mo`maygina daromadning ta`mini totib bo`lishdi. Misol uchun “ippodrom” deb ataluvchi bozorlar kompleksi atrofidagi yoymachilar faoliyati boshlanganda atigi 50 nafar bo`lgan. Bugungi kunda esa 600 nafarga etibdi. Bu raqam shu bilan to`xtamaydi, aksincha kattalashishda davom etmoqda.

Qisqasi, zamonaviy savdo majmualarining atrofi yana mustaqillik boshlaridagi holga qaytmoqda. Prezidentimiz ta`biri bilan aytganda bozorlar boshqaruvi davlatdan ko`cha qo`liga o`tgan.

Davlat rahbari ham bejizga aynan shu muammoni tilga olmadi. Borgan sari avj olib borayotgan bu kasallik davlatni kattagina tushumlardan mahrum qilib qo`yishi mumkin.

Shu o`rinda savol tug`iladi: bunday tizimli bozorlar tashqarisidan joy egallashlar va kengayishlar tepasida kimdir turganmikin?

Albatta turibdi. Bo`lmasa, joy talashishlar ortidan pichoqbozlik va qirg`inlar boshlanib ketgan bo`lar edi.

Surishtiruvlarimiz ortidan hayratlanarli va taajjubli faktlar ayon bo`ldiki, joy qilib berilgani uchun har oy “dolya” olib ketilar ekan.

“Ippodrom” tarafdagi bozorlar majmuasining oldidagi katta yo`l bo`yida savdo qiluvchilardan biri (ismi sir qolishi sharti bilan) har oy 150 AQSh dollari berishini ma`lum qildi. “Dolya”ni tashkilotchilik tepasida turgan ayollar yig`ib ketishar ekan.

Shuningdek, informasion shovqin ko`tarish, o`zlarini hukumatga jabrdiyda qilib ko`rsatib turish uchun ko`cha blogerlaridan ham foydalanib turishar ekan. Buning uchun ham alohida 50 ming so`mdan yig`ilib turilar emish.

Ismi oshkor bo`lishidan qo`rqqan sotuvchi 150 dollar aslida eng kam “dolya” hisoblanishini, ba`zilar bundan ham katta summada HIMOYa TO`LOVIni to`lashini ham ma`lum qildi.

Birgina “Ippodrom” deb ataluvchi bozorlar majmuasining atrofidagi joylarni hisoblab chiqqanimizda 600 dan ortiq savdo joylari aniqlandi. Shu joyda matematik hisoblab ko`ramiz: 150x600=90 000 AQSh dollari.

Minimal miqdorda hisoblangan bir oylik “dolya” 90 ming dollarni tashkil etmoqda. Bunday “daromad” ortida kichkina odamlar turmasa kerak, har holda. Yoki vakolatli shaxslar bunday daromadni bee`tibor qoldirishi hayotiy qonunlarga mutlaqo zid. Endi buyog`i prokuratura va DXX shug`ullanadigan ish bo`lyapti.

Shu joyda biz adashayotgandirmiz, yashirin qo`llar orqali yig`ilayotgan “soliqlar” davlat odamlariga etib bormasdir balki. Ammo nima bo`lganda ham bunday “ko`cha” bozorlariga bugun chek qo`ymasa, ertaga kech bo`lishi mumkin.

Eslatib o`tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoev bozorlardagi “soliqchilar”ni tanqid qilishidan 10 kun oldin Rost24.uz sayti ham ayni shu mavzuda tanqidiy mavzu tayyorlagan edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
9
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
30.11.2021 02:17
Бошка сайт журналистлари хам урганинглар, шундака дангал маколалар ёзишни
26.11.2021 21:03
Бу масала тугри кутарилибди жилралайолишармикан энди.Махаллаларга кириб булмайди ахлатхонага айланиб кетган бозорга кираверишлар.