Xalq mulki bo`lgan Geologiya muzeyi sotilmaydigan bo`ldi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rost24.uz saytiga xat orqali ma`lum qilishicha, T.Shevchenko ko`chasi, 11-uy manzilida joylashgan Ma`muriy bino Moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy ro`yxatiga kiritilish bilan bog`liq holatlarga aniqlik kiritilguniga qadar ommaviy savdolardan echilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq Geologiya muzeyi binosini ochiq savdoga qo`yilganini e`lon qilgach, Rost24.uz ushbu bino madaniy meros ob`ekti ekanligini eslatib uni sotilishi qonunga xilof ekanligi haqida maqola e`lon qildi hamda bu qonun buzilishi borasida O`zbekiston Bosh prokuraturasidan izoh so`radi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amaldagi qonunlarda sotilishi mumkin bo`lmagan ob`ekt boshlang`ich narxi 27,6 milliard so`m bilan ochiq savdoga qo`yilgan. Ammo, Rost24.uz saytining maqolasi tufayli bino ommaviy savdodan olindi.
Eslatib o`tamiz:
Taras Shevchenko ko`chasida joylashgan Geologiya muzeyi 1928 yilda qurilgan. Ushbu ob`ekt O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabr sanasidagi 846-sonli qaroriga ko`ra, arxitektura yodgorligi sifatida ro`yxatga olingan hamda ushbu qarorda mazkur bino badiiy yoki o`zga madaniy qimmatliligi tufayli unga garov va ipoteka qo`llanilishi mumkin emasligi qayd etib o`tilgan.