Prezidentimiz raisligida o`tayotgan videoselektor yig`ilishida qishga tayyorgarlikda yo`l qo`yilgan kamchiliklarni hal etish masalalari tanqidiy tahlil qilindi.
– Menga balandparvoz gaplar va raqamlar kerak emas. Joylardagi rahbarlarning ishlari natijasiga ijtimoiy tarmoqlarda xalqimiz o`zi xolis baho bermoqda, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Yig`ilishda sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, energiya resurslari ta`minotini yaxshilash choralari muhokama qilindi.
Qish mavsumida tarmoq va hududlarda uzluksizlikni ta`minlash uchun sutkasiga 10-12 million kilovatt-soat qo`shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi. Bu quvvatni “Toshkent”, “Sirdaryo”, “Yangi Angren” elektr stansiyalaridagi 900 megavattli 5 ta energoblokni ishga tushirish hisobidan ta`minlash bo`yicha topshiriq berildi.
Uzilishlarga, asosan, taqsimlovchi tarmoqlarning 60 foizi eskirgani hamda elektr energiyasiga talabning oshib borayotgani sabab bo`lmoqda. Shu bois past va o`rta kuchlanishli tarmoqlarni bosqichma-bosqich modernizasiya qilish bo`yicha dastur ishlab chiqib, ijrosiga tezroq kirishish zarurligi ta`kidlandi.
Tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, bugungi kunda gaz ta`minotida sutkasiga 20 million kub metr tanqislik mavjud. Oqibatda mingdan ziyod mahallada tabiiy gaz bosimi pasaygan.
– Gaz tizimi bilan bog`liq muammolar bugun yuzaga kelmagani, balki o`ttiz yildan beri bizni qiynab kelayotganidan barchamiz xabardormiz. Lekin buni bahona qilishga hech kimning haqqi yo`q. Xalqimizga gaz kerak, ularning ko`pchiligi buning uchun to`lovlarni o`z vaqtida halol qilib, to`lab kelmoqda, – dedi Prezident.
Davlat rahbari gaz eksportini qisqartirib, avvalo aholi ehtiyojlarini qondirish yuzasidan ko`rsatma berdi. Buning hisobiga kuniga 7-8 million kub metr tabiiy gaz qo`shimcha ravishda hududlarga yo`naltiriladi. Shuningdek, aholi ehtiyojini qoplash uchun yana 217 ming tonna suyultirilgan gaz etkazib berish vazifasi qo`yildi.
Samarasiz ishlayotgan 25 ta konni investorlarga “risk-servis kontrakt” shartlari asosida berib, tabiiy gaz ishlab chiqarishni ko`paytirish mumkinligi aytildi.
Joylarda ko`mir bilan bog`liq e`tirozlar ham bor. Aholi va ijtimoiy ob`ektlar uchun ajratilgan mahalliy ko`mirning 60 ming tonnasi hali egalariga etkazib berilmagani ko`rsatib o`tildi.
Yig`ilish davom etmoqda.