Moliyaviy inqirozda bo`lgan Xalq banki mutasaddilari 300 milliard so`mlik qurilishlarini oqlashga urindi. Ularning iddaolari qanchalar xolis va o`rinli?
Rost24.uz saytida moliyaviy inqirozda bo`lgan Xalq banki salkam 300 milliard so`mga bosh ofis qurayotgani haqida maqola e`lon qilingan edi.
Kuni kecha Xalq banki vakillarining axborot va ommaviy kommunikasiya agentligida o`tkazgan matbuot anjumanida saytimiz ko`targan muammoga javob berishga harakat qilishdi.
Bank boshqaruvi raisining birinchi o`rinbosari Zafar Azimovning ma`lum qilishicha, bank ofisining qurilishi 2018 yilda boshlangan. Bu juda katta qurilish bo`lgani uchun uzoq muddatni talab qilmoqda.
Uning so`zlariga ko`ra, qurilish ishlari 2022 yil mart oyida binoning birinchi qismi bitkazilishi rejalashtirilgan. Qo`shimcha bo`lgan binolarni ham 2022 yilning oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi ko`zda tutilgan.
Zafar Azimovning so`zlariga ishonadigan bo`lsak, 2018 yildan boshlangan yirik qurilishga nima uchun 2021 yilda yangi raisning kelishi bilan to`liq ajratilgan mablag` 113,2 milliard so`mdan ham ziyodroq 165.9 milliard so`m pul jalb etilib qurilish kattalashtirildi?
3 trillion so`m zararga kirayotgan Xalq banki uchun qurilish ishlari mablag`ini orttirish nima uchun zarur bo`lgan?
4 yil ichida butun boshli «Tashkent siti» qurib bitkazilayotganda, Xalq banki 4 yilda bosh ofis qurilishini yakunlashni rejalashtirmoqda.
Avvalgi maqolada ham ko`tarilgan ushbu savol matbuot anjumanida ham ochiq qoldi.
Shuningdek, bank mas`uli Zafar Azimov bino qurilishida shaffoflikni ta`minlash uchun tanlov o`tkazilib, 100 yillik tarixga ega «Byuro Veritas» firmasi tanlaganini ma`lum qildi. Biroq, bank mutasaddisi maqolada ko`tarilgan savollar quruvchi, pudratchilar sifatida yaqin orada ochilgan firmalar tanlangani va ularga qachon tender o`tkazilganiga aniqlik kiritmadi.
Matbuot anjumani o`tdi, hisobot topshirildi, hamma tarqaldi. Ammo, Xalq bankining yirik mablag`talab, 4 yillik qurilishi borasidagi savollar ochiqligicha qoldi.
*****
Mavzuga oid maqolalar: