Otabek Umarov Osiyo Olimpiya Kengashining vise-prezidenti etib saylandi

15.12.2020 15:57

O`monning Maskat shahrida Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK)ning navbatdagi Bosh Assambleyasi o`z ishini boshlamoqda. Bugun Assambleyadan bir kun avval an`anaga ko`ra 74-Ijroiya qo`mitasi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda tashkilot rahbariyatining yangi tarkibi va Ijroiya qo`mitasiga a`zolar saylandi, deyiladi MOQ saytida.

OOK Konstitusiyasida (qoidalarni qo`llash, 71 va 76-moddalariga asosan) 5 yirik kompleks musobaqalarga mezbon mamlakat OOK vise-prezidenti lavozimiga nomzod ko`rsatish huquqiga ega bo`lishi qayd etilgan.

O`zbekiston 2025 yil IV yoshlar Osiyo o`yinlarini qabul qilishi evaziga o`z vakilini sayyoramizning eng yirik qit`asida olimpiya harakatiga mas`ul bo`lgan tashkilot rahbariyatiga nomzod sifatida taklif etish imkoniga ega bo`ldi.

 

Bugun bo`lib o`tgan Osiyo Olimpiya Kengashi Ijroiya qo`mitasi yig`ilishida Otabek Umarov nomzodi bir ovozdan ma`qullandi va Otabek Muhammadilevich tashkilot vise-prezidenti etib rasman saylandi.

“Avvalambor, menga bildirilgan yuksak ishonch uchun barchaga o`z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Bunday nufuzli tashkilotda mamlakatimiz manfaatlarini himoya qilish, qit`ada olimpiya harakatini rivojlantirishga hissa qo`shish men uchun sharaf. Toshkentda o`tadigan 2025 yilgi yoshlar Osiyo o`yinlarini o`tkazish Yangi O`zbekiston uchun jahon hamjamiyati oldidagi jiddiy sinovlardan biri. Muhtaram Prezidentimiz va hukumatimizning qo`llab-quvvatlashi bilan ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkil qilishga bor kuch va g`ayratimizni ishga solamiz», – dedi Otabek Umarov.

Ertaga, 16 dekabr kuni Maskatda Osiyo Olimpiya kengashining Bosh Assambleyasi yig`ilishi bo`lib o`tadi. Unda Otabek Umarov rasman OOK vise-prezidenti sifatida ishtirok etadi. Yanada ahamiyatlisi, Assambleya doirasida OOK va O`zbekiston tomoni o`rtasida 2025 yil yoshlar Osiyo o`yinlarini Toshkentda o`tkazish bo`yicha shartnoma imzolash marosimi bo`lib o`tadi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston vakilining bu lavozimga birinchi saylanishi emas, 2019 yida bu lavozim Umid Axmadjonovga tegishli edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар