Kosonsoy tumanida o`nga yaqin ob`ekt qurilishi tegishli hujjatlarsiz boshlab yuborilgan.
Hujjatlarsiz qurilgan o`nga yaqin ob`ektlar, maktab qurishga noqonuniy jalb etilgan 8 sinf o`quvchilari — bu Iste`molchilar huquqini himoya qilish federasiyasining Kosonsoy tumanida o`rganish olib borgandan so`ngi xulosalaridir.
Uyushma mazkur tumanda hujjatlarni oxirigacha etkazmasdan bir qancha qurilish ob`ektlari 60 foizgacha qurib bitkazilganini aniqlagan.
Xususan, Kosonsoy tumanidagi «Gulobod» MFYda joylashgan 9-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabi binosini rekonstruksiya qilish uchun “Fozilbek plast servis” MChJ tenderda yutib olgan. Qurilish ishlari sentyabr oyida tugallanishi ko`zda tutilgan bo`lsa-da hali ham qurilish ishlari davom etayotgani, ishchi xodimlar orasida ushbu maktabning 8-sinf o`quvchilari ham yollanma ishchi sifatida noqonuniy ravishda ishlayotgani ma`lum bo`lgan.
Jabborova Ma`rufatjon Qosimjonovnaga qarashli qurilish ob`ektida kuzatuv ishlari olib borilganda esa, savdo va xizmat ko`rsatish hamda ko`p qavatli uylarni qurilish ishlari joriy yilda boshlangan. Mazkur ob`ektda ham tuman hokimi qarori va qurilish sohasida nazorat qilish inspeksiyasining ruxsatnomasini olmasdan, noqonuniy ravishda qurilish ishlarining 60 foizi bajarilgani aniqlangan.
«A.Navoiy» MFY Xalqlar do`stligi ko`chasida joylashgan fuqaro Shodmonov To`raxo`jaga qarashli ob`ektda o`tkazilgan kuzatuv-monitoringda, qurilish ishlari hech qanday loyiha hujjatlarisiz, ekspertiza xulosasi va qurilish soxasida nazorat qilish inspeksiyasining ruxsatnomasiz, shaharsozlik to`g`risidagi qonunchilikni buzish, ya`ni noqonuniy ravishda erto`la bilan 5 qavatli binoning 50 foizi qurib bitkazilgani ma`lum bo`lgan.
O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi tomonidan mazkur holatlar yuzasidan tegishli tashkilotlarga ariza va shikoyatlar kiritilgani aytiladi. Ammo, tegishli hujjatlarsiz qurilish ishlari davom ettirilgan ob`ektlar nima uchun hokimliklar ko`z yumib kelgan?