Hamon darsliklar etib bormagan qishloqlar borligi bizni hayratlantirmay qo`ydi

06.11.2021 16:00

Maktablarda o`quv yilining birinchi choragi yakunlandi, ammo hamon darsliklar etib bormagan maktablar bor. Shuningdek, elektron diskli darsliklar qishloqdagi o`quvchilar uchun muammo bo`lmoqda.

Biz taraqqiyot asrida yashayapmiz ammo, O`zbekistonning qishloq hududlaridagi ko`pgina oilalarda kompyuter yo`q va elektr tarmog`i ham tez-tez pand berib turadi.

Mazkur masala yuzasidan saytimizga Sirdaryo viloyati Boyovut tumani Shirin mahallasida istiqomat qiluvchi Ma`rufjon Abdusamatov murojaat bilan chiqdi.

"Sirdaryo viloyati Boyovut tumani Shirin mahallasidagi 51-maktabning 2-sinfida nevaram o`qiydi. 2-sinf darsliklarining yangicha chiqqan varianti talabga javob bermaydi. Birgina "Ona tili va o`qish savodxonligi" kitobida audiolar berilgan, eshitib mashqlarni bajarish kerakligi aytilgan. Lekin bu kitobning o`zi yoki mashq daftari mavjud emas. Dars vaqtida o`qituvchi uni 5 daqiqa qo`yib beradi va shu bilan o`quvchilarga qaytarib o`tib berilmaydi. Bu audio disk maktab bo`yicha bitta, uni uyda shug`ullanishi uchun hammaning ham uyda shaxsiy kompyuter mavjud emas. Bu bilan farzandlarimizni savodsiz qilib qo`ymayapmizmi?", – deydi M.Abdusamatov.

«Maktab ochilganiga 2 oydan oshdi. Lekin hali-hamon  Boyovut tumanidagi 51-maktab 2-sinf o`quvchilariga 5 ta kitob (matematika, ona tili va o`qish savodxonligi, o`qituvchi kitobi, tabiiy fanlar, tasviriy san`at) etib kelmagan. O`quvchilarga elektron kitobdan dars o`tilib, uyga vazifalar berilmoqda. Shuningdek, hali to`liq internet etib bormagan qishloqlar va uyida shaxsiy kompyuteri yo`q oilalar juda ko`p.

"Bitta sinfda 28 nafar o`quvchi bo`lsa, o`qituvchi ulardan 3 nafari bilan shug`ullansa ham yaxshi o`zlashtirib olishi mumkindir. Qolgan 25 nafar o`quvchi nima qiladi? Ularda kitob bo`lmasa, mashqlar audioli bo`lsa, ota-ona shaxsiy kompyuter va telefon bilan ta`minlay olmasa, ota-ona va o`quvchilar arz dodini kimga aytadi? Xalq ta`lim vazirligida "Vunderkindlar"- hammani sharoitini bir xil ko`radiganlar faoliyat yuritsa, ular kelib bizning maktabimizdagi darsliklar bo`yicha holatni ko`rishsin", – deya so`zini yakunladi fuqaro M.Abdusamatov.

Respublika ta`lim markazi bunga nima deydi?

Respublika ta`lim markazi matbuot xizmati xodimi Mohira Nurullaevadan ushbu masala yuzasidan quyidagicha javob oldik:

"Bu yildan boshlab darslik sifatiga javob berish Respublika ta`lim markaziga o`tdi. Joriy yildan to`liq darsliklar mazmuni o`zgartirildi. Xorijiy ekspertlar takliflari bevosita inobatga olindi. Qiyinlashtirilgan barcha darsliklarni soddalashtirdik, chunki o`quvchi testga emas, hamma darslikdan hayoti davomida kerak bo`ladigan boshlang`ich bilimlarni egallashi zarur. Yondashuvlarni iloji boricha o`zgartirdik. 

Audioli mashqlarga keladigan bo`lsak, uning mashq daftari bor, eshitib qiladi. Bu faqatgina disk xolida emas, internetdan QR kod orqali dasturini ham yuklab olsa bo`ladi. Mashq kitoblari esa yangi chiqqanligi bois, hali barcha hududlarga etib bormagan bo`lishi mumkin. Lekin ikkinchi chorakdan keyin bu muammoga barham beriladi", – deya javob berdi Moxira Nurullaeva.

O`quv darsliklari rivojlanib, o`zgarib bormoqda. Ammo, qishloqlardagi sharoit hamon o`sha o`shaligicha qolmoqda. Qishloq sharoiti yaxshilanmas ekan, ta`lim standartlarining o`sishidan qanday samara kutish mumkin?

  *****

Mavzuga oid maqolalar:

Xalq ta`limi vaziriga o`qituvchilarning oyligi qachon ming dollar bo`lishi haqida savol berildi

Xalq ta`limi vazirligi bajara olmagan ishni uddalamoqchi bo`lgan tadbirkor ovorayu sarson 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
07.11.2021 12:14
G'allaorol tuman qishloq maktablariga 9 - sinf "ingliz tili" marsligi yetgib kelmagan. Internetdan foydalanishni maslahat berishibdi, ammo bu kimyo "oltin qonuni"ga zid: "Moddalar yo'qdan bor bo'lmaydi, ..."
07.11.2021 12:01
Qishloq bolari o'qimishli bo'lib ketsa, kim shaharda mardikorlik qiladi, kim Rossiya b/n Qozog'istonni boy qiladi? Axir OPA kim shaharlik "qorni och bechora"larni to'ydirish uchun ketmon chopishi kerakligini aytdilar~ku. Himmatingizning cheki yo'q