Prezidentning to`ng`ich kuyovi, Oybek Tursunovning «Kapitalbank» ustav fondidagi ulush miqdori 50 foizga etdi. Bu haqda, Spot ga tayangan holda gazeta.uz nashri ma`lum qilgan.
Birjadan tashqari bitim 29 oktyabr kuni tuzilgan, deyiladi xabarda. Aksiyador Oybek Tursunov 112,49 mln. oddiy bank aksiyalarini sotib oldi — bu aksiyalar umumiy sonining 34,1 foizi degani. Bunga qadar u 52,43 mln. aksiyaga egalik qilgan.
2019 yilda Oybek Tursunovga qarashli Promadik Invest kompaniyasi «Kapitalbank» bankining 40,13 mln (36 foiz) aksiyalarini sotib olgandi.
1 noyabrdagi so`nggi bitimdan keyin Promadik Invest affillangan shaxslar ro`yxatidan chiqarilib, uning o`rniga Oybek Tursunovning o`zi qo`shilgan.
2020 yilga kelib Tursunov shuningdek, Uzcard ustav fondining 75 foiz aksiyalarini ham xarid qilgandi. Biroq, keyinchalik 51 foizlik boshqaruv paketi Milliy bankka o`tib ketdi, yana 6 foizdan aksiyalarga to`rtta boshqa banklar egalik qila boshladi.