Bugun, 3 noyabr kuni Telegram, YouTube, LinkedIn, Instagram, Facebook, «Moy mir», «Odnoklassniki» tarmoqlari bloklandi.
“O`zkomnazorat” ushbu tarmoqlarni «Shaxsga doir ma`lumotlar sub`ektlari huquqlarini buzuvchilar reestri»ga kiritganini rasmiy tarzda ma`lum qildi.
Shundan so`ng, mamlakatda ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan ta`qiq o`rnatilganidan xabar topgan Prezidentning mutasaddilarga keskin chora ko`rayotgani ma`lum bo`ldi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bu haqda o`z telegram sahifasida birin ketin ma`lumotlar joyladi.
***
Hukumat ko`rsatmasiga asosan «O`zkomnazorat» tomonidan bir yoqlama, uzoqni o`ylamay qilingan harakat haqida Prezident xabar topdilar. O`ylaymanki, tez orada barcha tarmoqlarga ulanish tiklanadi.
***
Prezident topshirig`iga asosan Axborotlashtirish va telekommunikasiyalar sohasida nazorat bo`yicha davlat inspeksiyasi boshlig`i G`olibsher Ziyaev noto`g`ri va kelishilmagan xatti-harakatlari uchun egallab turgan vazifasidan chetlatildi, ro`y bergan holat yuzasidan tergov-surishtiruv harakatlari olib boriladi.
***
Surishtiruv yakunlari bo`yicha ro`y bergan holatda aybdor bo`lgan barcha mutasaddi rahbarlarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari ko`riladi.
P/S: Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan ma`lumotlarga ko`ra, G`.Ziyaevning kelishmay biror ish qilishi juda qiyin masala. U ko`p yillar juda katta oliy dargohlarda faoliyat yuritgan. Doimo kelishib ishlaganiga shubha yo`q. Ammo bugungi ijtimoiy tarmoqlar bilan bog`liq holat shunchaki ro`y bermagan bo`lishi ham mumkin.
Shu narsa ma`lumki, G`.Ziyaev Bosh vazir Abdulla Aripovning ishongan kadrlaridan biri. Hukumat rahbari ham ko`p yillar AKT sohasining kuratori sifatida nom qozongan edi.