YoXUD jangari, zo`ravon xotinlar faoliyatiga kim chek qo`yadi?
Ippodrom bozori deb ataluvchi savdo majmualari tarafga o`tsangiz bozor atrofi yoyma bozorchilarga to`lib ketganiga guvoh bo`lasiz. Odamlar yo`l atrofiga chodirlar ham qurib olishgan. Har kim o`zi xohlagancha, xohlagan joyni egallab savdo qilish boshlangan. Natijada sotuvchilar hattoki katta yo`l ustilariga ham chiqib ketishgan. Asosiy qatnov yo`lida tirbandliklar yuzaga kelmoqda.
Katta yo`l bo`yidagi “Bek Baraka”, “Chinni bozor”, “Chilonzor buyum bozori” va “Toshkent savdo markazi”ning oldilariga yoyma bozorlar tashkil etilgan. Noqonuniy egallangan joylar hudud jihatidan ushbu bozorlarga tegishli emas. “Bek Baraka” va “Chinni bozor” oldidagi yo`li Toshkent viloyati Zangiota tumaniga qarashli bo`lsa, “Chilonzor buyum bozori” va “Toshkent savdo markazi”ning oldida ochilgan yangi yoyma bozorlar hududi Toshkent shahar Chilonzor tumaniga qarashli.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan valyuta ayriboshlashdagi qora bozor yo`qolgandan so`ng valyuta bozoridagi katta daromad qilib o`rgangan zo`ravon xotinlar endi eng gavjum bozorlarning atrofiga egalik qilishga o`tishgan. Hattoki, yo`l atroflarini egallab ijaraga berishni ham boshlab yuborishgan.
Yo`l atrofidagi sotuvchilar joy talashda haqiqiy jangari zo`ravon bo`lsa, tepadan tekshiruvchilar kelgan vaqtda muhtoj va bechoralar rolini qoyillatib o`ynab berishadi.
Tartibga solingan bozorlar atrofini “Mumbay” qilib yuborishgan. Hattoki, egallagan joylariga ismini ham yozib qo`yishibdi. Bunday janjalkash zo`ravonlarga qonun bilan ham bas kelish muammo.
Ko`chada savdo qilayotganlarda daromad yaxshi: Soliq, ijara, turar joyga haq to`lashmaydi. Xohlagancha savdo qilishi mumkin. Faqat zo`ravonligini ko`rsata olsa bo`ldi.
Bizga ma`lum bo`lishicha, “Toshkent savdo markazi”ning atrofidagi joylarni egallab bo`lgan zo`ravonlar endi ushbu bozorining ichidan joy talab qilishayotgan ekan. Ular bu niyatlariga etish uchun borish kerak bo`lgan barcha joyga borishmoqda. Prezident qabulxonasi, Vazirlar Mahkamasi, hokimiyat kabi yuqori turuvchi tashkilotlarga qatnashdan ham charchashmas ekan. Savdodan bo`sh vaqtlari murojaat qilish bilan shug`ullanishar ekan. Bo`sh bo`ldi deguncha tashkilotlarni bezovta qilish bilan shug`ullanishadi. Hattoki, ko`cha blogerlarni ham etaklab olib, hukumat va ommani o`zlariga qaratishda foydalanishmoqda.
Bozorlarda tartib-qoida, madaniyat bilan savdo qilayotganlar ham bu zo`ravonlardan norozi. “Ular zo`ravonligi ortidan barcha imkoniyat va imtiyozga ega bo`lib olishgan. Shu bois hech qanday chiqim qilmay bemalol savdo qilishmoqda. Buning evaziga kafolati yo`q bo`lsada nisbatan arzon bo`lgan savdo bilan mijozlarimizni yo`ldan urishmoqda”, – deydi qonuniy savdo qilayotgan tadbirkorlar.
Asl haqiqat shuki, haqiqiy beva-bechoralar uyidan chiqa olmay yotibdi. Ularning qo`lidan joylarni shantaj va zo`ravonlik bilan egallash kelmaydi. Ular bozorlarga kirib borishga qurbi etmaydi. Ular vazirlik va idoralarga borishni bilmaydi. Muhtojlar blogerlarni yollashni ham uddalay olishmaydi.
Xulosa o`rnida aytadigan bo`lsak, yoyma bozorlar tobora kattalashib, zo`ravon sotuvchilar soni ko`payib bormoqda. Toshkent shahar Chilonzor tuman va Toshkent viloyati Zangiota tuman mutasaddilari hamda yuqori turuvchi tashkilotlar bu muammoning oldini hozirdanoq olmasa, keyin bartaraf etish qiyin bo`ladi.
Shuningdek, bu muammo “Chinni bozor”, “Chilonzor buyum bozori”, “Toshkent savdo markazi” va “Bek Baraka” bozorlariga ham begona emas. Ushbu bozorlar rahbariyati ham jiddiy qarashlari lozim.