Britaniyaning Cable portali keng polosali internet tezligi bo`yicha dunyo mamlakatlari reytingini e`lon qildi.
Unda Cable mutaxassislari 12 oy davomida 200ta mamlakat bo`yicha to`plagan ma`lumotlari joy olgan. Bunda, mamlakatda mavjud bo`lgan internetning o`rtacha tezligida HD sifatli va 5 Gb o`lchamga ega videoni yuklab olishga qancha vaqt sarflanishi hisoblab ko`rilgan.
Reytingda O`zbekiston 184 pog`onadan joy olgan. Unda mamlakatimizdagi internet tezligi o`rtacha 1,02 MB/s.ni tashkil etishi qayd qilingan.
Misol tariqasida, HD sifatdagi va 5 Gb o`lchamga ega videoni yuklab olish uchun O`zbekistonda 11 soatdan ortiq vaqt sarflanishi ko`rsatib o`tilgan.
Xuddi shu o`rinni 2018 yilda ham olgan edik. Oxirgi uch yillikdagi o`zgarishlar bilan keriladigan amaldorlarimiz, nimagadir aynan shu mavzuda jim.
O`zbekiston internet tezligi bo`yicha 2019 yilda 181-o`rinni, 2020 yilda 199-o`rinni egallagan.
Ro`yxatda birinchi o`rinni Singapur egalladi. Bu mamlakatda internet tezligi sekundiga 60 megabitni tashkil qilgan. 5 Gb o`lchamga ega faylni yuklab olish uchun Singapurda 11 daqiqa vaqt talab qilingan.
Reytingda ikkinchi va uchinchi o`rinni Shvesiya va Daniya egalladi. Bu mamlakatlarda internet tezligi mos ravishda 46 va 43 MB/s.ni tashkil qiladi.
Reytingda Rossiya 47-o`rinni (13 MB/s) band etgan bo`lsa, Qozog`iston 95-o`rinni (4,4 MB/s), Qirg`iziston 163-o`rinni (1,52 MB/s) egallab turibdi. Faqatgina Tojikiston (188-o`rinda, 0,94 MB/s) va Turkmaniston (198-o`rinda, 0,56 MB/s) O`zbekistondan pastroq o`rinlarda joylashgan.
Eslatib o`tamiz, 2018 yilda O`zbektelecom AJ mas`ul xodimi Yunus Kamolov internet tezligi 2018 yilning 1 dekabridan 10 barobar oshishini, Sherzod Shermatov esa ayni shu sanadan internet sifati ham yaxshilanishini aytib o`tgan edi.