U erda qiynalgan, o`lgan va begunoh jazolangan odamlar haqi unutildimi?
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan va "Toshturma" nomi bilan tanilgan 1-son hibsxona 2018 yil yanvar oyida Zangiota tumaniga ko`chirilgan va Toshkent shahar hokimligi ixtiyoriga o`tkazilib, "Toshturma"ni 3 oy ichida buzish, so`ng buzishdan bo`shagan er maydoni o`rnida zamonaviy xiyobon (dam olish maskani) barpo etish vazifasi yuklatilgan edi. Xo`sh, "Toshturma"ning hozirgi ahvoli qanday? U erda zamonaviy dam olish maskanini topa olamizmi..?
130 yillik tarixga ega deb aytiladigan, aslida Ikkinchi jahon urushi arafasida ish boshlagan ushbu qamoqxona katta tarixga ega. “Toshturma” istilohi esa ruscha “Tashkentskaya tyurma” (“Toshkent qamoqxonasi”) birikmasining qisqartmasidir. 1891 yilda Chor Rossiyasi amaldorlari buyrug`iga binoan toshdan barpo etilgan. O`zaro er osti va er usti yo`llari bilan bir-biriga bog`langan to`rt korpus mavjud bo`lgan. Tarixan oladigan bo`lsak, bu hibsxonada juda ko`p jazolar amalga oshirilgan. Tarixiy hujjatlarda bu raqamlar saqlanib qolmagan bo`lsada, lekin bu qamoqxonaning 1891 yilda qurilganini hisobga olsak, bir asrdan ko`p yillar bo`lib o`tgan voqealarga guvoh bo`lgan, albatta. U erda qiynalgan, o`lgan va begunoh jazolangan odamlar haqi uchun hech narsa qilinmagani bu achinarli holat aslida.
"Toshturma"da o`zaro er osti va er usti yo`llari bilan bir-biriga bog`langan to`rt korpus mavjud bo`lsa-da, binoning umumiy ahvoli bugungi kun talablariga, xalqaro standartlarga javob bermasdi. Shu bois 2012 yil 18 noyabrda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahrida bo`lgan, Markaziy Osiyodagi eng eski hibsxona sanalmish UYa 64\1-tergov hibsxonasi uchun yangi bino qurishga oid qarori imzolandi. Shu asosda Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududida xalqaro standartlarga to`liq javob beradigan yangi tergov hibsxonasi qurilgan.
Qatag`on yillarida bu erda xalqimizning Fayzulla Xo`jaev, Abdulla Qodiriy kabi ardoqli farzandlari ham tutqinlikda saqlangan. Qamoqxonada jazo o`tib chiqqan odam bilan suhbatlashganimizda, quyidagi gaplarni aytib o`tdi:
“Bu qamoqxona Ikkinchi jahon urushi yillaridan beri mavjud va o`lim jazosi ijro etilgan vaqtda, juda ko`plab insonlar bu jazoga mahkum etilganligi sir emas. O`sha otilganlarning qanchasi aybsiz shahid ketgani, faqat, yaratganga ayon. Qanchadan qancha mahbuslar qiynoqlar oqibatida o`sha erni o`zida vafot etgan. Buni tasavvur qilish ham qiyin. Arzimagan sabablar bilan ham qamalganlar bo`lar edi. Bu “Toshturma” juda katta tarixdan guvoh edi. Bu er yopildi, buzildi ham. Lekin hali-hanuz biron-bir bog` qilib qo`yilmaganligi achinarli holat. Bu erda necha-necha odamlar yodi va haqi bor. Shahidlar majmuasiga o`xshagan joyga tenglashtirsa ham bo`ladi, aslida. Bu erni qarovsiz qoldirmay, so`lim bir go`shaga aylantirib, begunoh jazolangan odamlar haqi uchun qurbonlik qilib, Qur`on tilovat qilish kerak” deydi ismi sir qolishini so`ragan fuqaro.
Qamoqxona buzilishidan oldin juda ko`plab bahsli vaziyatlarga sabab bo`lganligi sir emas. Aholi tomonidan bir qancha takliflar berilgandi. Bunday katta tarixga ega binoni buzmaslik, balki muzey sifatida kelajak avlodga qoldirish taklifi berilgan edi. Chunki bu erda jazolangan va o`limga hukm qilingan odamlarning hammasi ham aybdor bo`lmagan, ularning ichida kimdirning akasi, ukasi, dadasi, amakisi bo`lgan bo`lishi mumkin. Ularning xotirasini saqlab qolish uchun mana shunday fikrlar aholi tomonidan taklif qilingan edi. Chet elda ham muzeyga aylangan qamoqxonalar mavjud. Misol uchun, Amerikaning “Alkatras”, Polshaning “Osvensim” qamoqxonalari shular jumlasidan. Lekin bizdagi natija qanday bo`ldi..?
Hukumatning 2018 yil 22 mart kunidagi farmoyishiga asosan Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Namangan ko`chasi 1-uy manzilida joylashgan 1-son hibsxonasi joylashgan bino va inshootlar Toshkent shahar hokimligiga o`tkazilgan. Toshkent shahar hokimligiga mazkur ob`ektni uch oy muddatda buzish va buzishdan bo`shagan er maydonini obodonlashtirish va unda barcha infratuzilma ob`ektlari mavjud bo`lgan zamonaviy xiyobon (dam olish maskani) barpo etish vazifasi yuklangan edi.
Rost24 muxbiri qamoqxona o`rniga borib vaziyatni o`rgandi. U er chiqindixonaga aylangan. Panjaralar o`rab qo`yilgan, ichkari hudud esa xarobazor. 2018 yildan beri nechta uch oy o`tdi, lekin hali-hanuz xiyobondan darak yo`q. Odamlar fikri, taklifi e`tiborga olinmadi, lekin hech bo`lmaganda mana shu qonuniylashtirilgan ish amalga oshirilishi kerak edi-ku. Toshkent shahar hokimligi nimani kutmoqda?!
Poytaxt markazidagi erlar jadallik bilan o`zlashtirilayotgan bir paytda, Yunusobod tumanidagi mazkur er xarobazor bo`lib qolmoqda.
Toshkent shahar hokimligi bu bo`yicha nima deydi? Qurilishni kechiktirib kelayotganidan manfaati bormi yoki..?
Toshkent shahar hokimligiga 3 kunlab telefon qilinadi, yoziladi, lekin bog`lanib bo`lmaydi. Ishchi telefonga bog`langan xodimlar bilan gaplashsangiz, "Rasmiy blanka bilan chiqib, murojaat qiling" deydi. Rasmiy xat bilan chiqilsa necha kunda javob chiqadi deb berilgan savolga "Buni bilmadim" deb javob bergan axborot xizmatidan qanday qilib javob olsa bo`ladi, masalan? Bunchalik yopiqlik kim uchun kerak..?
Javob kutib qolamiz 3 yillik amalga oshirilmagan ish uchun...
Iroda Farxadova,
muxbir