O`qituvchilar uchun Prezident tomonidan tayinlangan maxsus qo`shimcha to`lov nega unutildi?

30.10.2021 16:00

Bosh vazir o`rinbosari Begzod Musaev va Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov javobgar bo`lgan Prezident farmoni, afsuski, amalda haligacha to`liq bajarilmayapti…

Chekka qishloq hududlariga qatnab dars beruvchi o`qituvchilarga ijara haqqi to`lab berilishi kerak ekanligini bilasizmi? 

Bunga 2020 yil 6 noyabrdagi Prezidentning maxsus farmoni asos bo`la oladi.  Ammo, hozirda   o`qituvchilarning ijara haqi to`lanmayapti. Hatto ijara shartnomasini tuzish haqida aniq asos yaratilmagan. Xalq ta`limi vazirligi vakili esa farmon to`liq amalga oshirilayotganini ta`kidladi. Bizdagi ma`lumotlar esa buning aksini ko`rsatmoqda. 

2021 yil 1 yanvardan boshlab olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy ma`lumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarida bir martalik boshlang`ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarida har oylik pul kompensasiyasi berilishi kerak edi.

Bu haqda Prezidentning maxsus farmoni bor. Farmonda ko`rsatilgan vazifasini amalga oshirishga  Bosh vazir o`rinbosari B.A.Musaev hamda Xalq ta`limi vaziri Sh.X.Shermatov mas`ul etib belgilangan. Biroq, mana 10 oydan buyon farmon ijrosi to`liq ta`minlanmayapti.

Bosh Vazir o`rinbosari Begzod Musaev mazkur farmon ijrosi yuzasidan joylarda tadbirlarda ham qatnashib kelgan. Ammo, farmonlar ijrosi tadbirlar bilan amalga oshib qolmaydigan ko`rinadi. Jizzax G`allarol tumani 4-umumiy  o`rta ta`lim maktabi direktori Akmal Ismoilov undan ijara pullari haqida so`raganda, Musaevning javobi quyidagicha bo`lgan:

“Familiyani yozasan, pasport dannysini yozasan, ijarachi va ijaraga oluvchining ma`lumotlarini kiritasan va ro`yxatdan o`tqazib qo`yasan. Shundan keyin bu ijara to`lashga asos bo`ladi».

Farmon ijrosi 1 yanvardan ta`minlanishi kerak edi. Buni Musaevning o`zi ham tan olib o`tgan va majlisdagilarni bu muammoni tez orada hal bo`lishiga ishontirgan.

«Ijara haqini maktab direktori cho`ntagidan to`lab berolmaydi. Tuman hokimligi ham cho`ntagidan to`lab berolmaydi. To`lash uchun esa asos kerak. Asos bo`lishi uchun biz asosni yaratib berishimiz kerak”, deya ta`kidlagan Begzod Musaev.

Xalq ta`limi vazirligi Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi boshlig`i Davronbek Adilbekov rost24.uz muxbirining savoliga javob berarkan, bu farmon to`liq ishlayotganini ta`kidlagan.

“Bizning vazirlik tizimimizda vazirimizning tashabbusi bilan uzoq hududlardagi maktablarda dars beruvchi pedagoglarga bolalarga berilayotgan ta`lim sifati, o`qituvchilarning malaka toifalariga qarab reyting qilingan. Aynan uzoq hududga borib ishlovchi pedagoglarga Prezidentimizning “qaror”lari (aslida farmon, tahririyat) bilan qo`shimcha ustamalar belgilab berilgan va bu jarayon to`liq amalga oshirilyapti. Demak hech qanday muammo yo`q, to`liq amalga oshib, Prezident “qarorlari” to`liq amalda”, deya javob qilgan Davronbek Adilbekov.

Biroq Rost24.uz muxbiri surishtiruv o`tkazib olis hududda ishlovchi 10 dan ortiq pedagoglar bilan suhbatlashdi. Ularning aytishicha, ijara haqi u yoqda tursin, ustamalar ham farmonda belgilangandek to`lanmayapti, bir martalik oldindan to`lovlar ham quruq va`dadan boshqa narsa emas.

Yana 10 dan ortiq o`qituvchilar esa aytilgaan va`dalar amalga oshmagach, olis hududdagi maktablardan ishdan bo`shab ketgan.

Olis hududlardagi maktablarda isshlash uchun oilasi bilan birga ko`chib kelgan o`qituvchilar bugun topayotgan qo`shimcha daromadlarini (ustamani) ijara haqi uchun to`lashga majbur bo`lmoqda. Bundaan manfaat ko`rmagan o`qituvchilarning ko`pchiligi  maktablarni tark etishmoqda. Bu esa kadrlar etishmovchiligi yuqori bo`lgan hududlarda vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.

Rost24.uz farmon bajarilishiga mas`ul bo`lgan mutasaddilar xalq ta`lim vaziri Sh.Shermatov va Bosh vazir o`rinbosari B.Musaevdan javob kutib qoladi.

Farmonda 100 foiz amalda, deya yolg`on ma`lumot bergan Xalq ta`limi vazirligi Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi boshlig`i Davronbek Adilbekov yolg`on ma`lumot uchun javobgarlikka tortilarmikan yoki qonunlarimizning mutasaddilarga tishi o`tmaydimi?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
03.12.2021 23:07
Энг чекка худудда бориб 3 йилдан буён ишлар эдик,йул пули берилмади,йулга харажатларимиз ойлигимизга тугри келмади,шу сабабли ишдан бушаяпмиз.Аммо урнимизга мутахасис йук.Укувчиларимизга ачинамиз
06.11.2021 11:58
Nega ustama faqat olis hududga men Chinoz 1-IDUMga Sirdaryo viloyati mirzaobod tumanidan qatnab ishlayman lekin xech qanday ustama va yordamlar yoq. Maktab qizilda lekkin umid bor
03.11.2021 05:45
Vazirlikni javobiga ayrim o'qituvchilarga moddiy yordam va kvartira pullarida uzilishlar bo'lgan deb yolg'on ma'lumot beryapti men shaxsan Vodiydan 158 nafar oliy toifali ustozlarni olib keldim birontasiga to'lagani yo'q. 991878564 Murodjonman men 4 oylik kvartira pullarim qolib ketdi Oktabr bilan 5 oylik
02.11.2021 15:45
Amalda oshirilgan qarorlar ijrosini kim nazoratga oladi shuni menga aytaolasizmi
31.10.2021 16:01
XTV vaziri ushbu amalni egallaganidan beri nimalarni qoyil qildi? O'qituvchilarni "majburiy mehnatdan ozod qildim" deb masxaralashdan nariga o'tgani yo'q. O'qituvchilar haligacha "ixtiyoriy-majburiy" millionlab so'mga obunaga jalb etilmoqda(G'allaorol)
31.10.2021 12:07
Ushbu maqola e'lon qilingan kun G'allaorol tuman 4-maktab direktori padari buzrukvori Arsonxo'ja ustoz Ismoilov vafot etdilar. Ilohim ustozning oxirati obod bo'lib joylari jannatda bo'lsinlar. Inna lillahi va inna ilayhi rojiun