O`zbekistonda 10 yil avval jamoat joylarida tamaki chekishni cheklovchi qonun qabul qilingan, jarimalar miqdori aniq qilib belgilangan, lekin Samarqanddan boshqa hech joyda mazkur cheklov bo`yicha fuqarolar jarimaga tortilmagan.
Rost24.uz sayti muxbiri 10 yil ichida O`zbekistonda jamoatchilik joylarida tamaki chekkanlik uchun qancha fuqaro javobgarlikka tortilgani bilan qiziqib, surishtiruv o`tkazdi.
O`zbekiston qonunchiligiga ko`ra jamoat joylarida tamaki chekish mumkin emas. Bu to`g`risidagi qonun dastlab 2011 yilda qabul qilingan, ammo maxsus jazo choralari belgilab qo`yilmagan edi. 2016 yildan bu muammo bartaraf etilib jamoat joylarda tamaki mahsulotlarini iste`mol qilish uchun jarima miqdori eng kam ish haqining birdan uch qismigacha belgilandi.
Biroq ish joylarida, sog`liqni saqlash, ta`lim va sog`lomlashtirish muassasalarida, yong`in xavfi kuchli joylar va boshqa jamoat joylarida sigaret chekib turuvchilarni ko`p uchratishimiz mumkin.
Shuni alohida ta`kidlab o`tish joizki qonunchilikda chekish ta`qiqlangan joylarga “chekish mumkin emas” belgisi o`rnatilmagan.
Mazkur huquqiy ma`yorni nazorat qilish vazifasi ichki ishlar organlariga yuklatilgan. Biroq, jurnalistik surishtiruvimizga ko`ra, ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati jamoat joyida tamaki chekkanlik uchun jarimaga tortilganlar soni yo`qligi va bu borada statistika yuritilmasligini ma`lum qildi. Profilaktika inspektori hamda jamoat tartibini saqlash inspektorlari ham bu bo`yicha statistik ma`lumotga ega emasliklarini aytishdi. Ayni damda davlat statistika qo`mitasida ham bu bo`yicha maxsus statistika yuritilmasligi ma`lum bo`ldi.
2019 yil ma`lumotlariga ko`ra, Samarqandda taqiqlangan joyda sigareta chekkanlar 115 million so`mdan ortiqroq jarima to`lagan.
Samarqanddan o`zga hududlarda jamoat joylarida tamaki chekkanlik uchun bironta fuqaro jarimaga tortilmagani O`zbekistonda hech kim bu tartibni buzmasligini anglatadimi yoki qonun ishlamaganidan dalolatmi?