O`zbekistonda mustaqil jigar transplantasiyasi operasiyasi muvaffaqiyatli o`tkazilgan 32 yoshli bemor vafot etdi.
Jarrohlik ishlari 16 sentyabr sanasida amalga oshirilgan edi. Bemorga 28 yoshli rafiqasining jigari o`tkazilgani aytilgan. Operasiya texnik qiyinchiliklar bilan 14 soat davom etgan va barcha jarayonlar ijobiy yakunlangan, operasiyadan so`ng bemorning ahvoli barqaror deb baholangan. Biroq, 29 sentyabr kuni bemor vafot etdi.
Jarrohlik amaliyotiga boshchilik qilgan jarroh, professor Mirshavkat Akbarov jarayonni quyidagicha izohlaydi:
Barcha operasiyalar ham o`ziga yarasha asoratlar bilan kechadi. Jigar operasiyasida esa bu 75% asoratlar bilan kechadi. Ammo bu asoratlarning hammasi ham o`lim bilan tugaydi degani emas.
Bemor Ahmedov O`ktamda transplantasiyadan keyin 5-6 kungacha hammasi joyida edi. Analizlari normallashib, reanimasiya xonasidan palataga ko`chirilib, jigarining bir bo`lagini bergan turmush o`rtog`i bilan birgalikda yashab oddiy operasiya o`tqazilgan bemorlar safiga qo`shilish arafasida edi. Afsuski, 7-kuni O`ktam Ahmedovda birdaniga gemoglabin tushib, ahvoli og`irlashdi. Tekshirib ko`rganimizda oshqozonda gepatagen yara paydo bo`lgan va undan prafuz qon keta boshlagan. Bu muammoni endoskopik usulda to`xtatish davomida ketgan qonning o`rnini to`ldirish uchun qon, qon preparatlarini quyishga majbur bo`ldik. Shundan so`ng yana ahvoli yaxshilandi. Bemor immuniteti begona organ hisoblangan jigarni qabul qilishi uchun immunitetni tushirishga yana qo`shimcha dorilar qildik. Bunday dorilarning, albatta toksik ta`sirlari mavjud va bu bemorda ensofolopatiyani keltirib chiqardi. Uni ham davolashga muvaffaq bo`ldik. Ammo bari bir bemorga qon va qon preparatlarining quyilishi natijasida arterial tromboz kelib chiqdi. Va uni davolash uchun yana 7 soatlik operasiya bo`lib o`tdi. Bemorning ahvoli muntazam nazorat qilib borildi. Afsuski, bemor buyrak va yurak etishmovchiligi, siydik yo`llaridagi muammolar tufayli biz bemorni saqlab qololmadik.
Shifokorning so`zlariga ko`ra bu turdagi operasiyalar murakkab turli hisoblanib, dunyo bo`yicha ham o`lim holatlari tez-tez takrorlanib turadi va bu odamlarda vahima uyg`otmasligi kerak.
Ma`lumot o`rnida: bugungi kunda jigar transplantasiya operasiyasi davlat tomonidan moliyalashtirilib kelinmoqda.