YoXUD “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tuzilmasini maqbullashtirish va shtat birliklari sonini qisqartirish to`g`risida” gi Prezident qarori qachon ishga tushadi?
O`zbekistonda 24 nafar vazir bor, shuncha vazirning 109 nafar o`rinbosari ham bor.
Bundan tashqari, hukumatimizda 6 ta davlat inspeksiyasi, 4 ta oddiy inspeksiya, 9 ta agentlik, 4 ta qo`mita, 3 ta markaz faoliyat yuritadi.
Ma`lumotlarga tayaniladigan bo`lsa, garchi davlat xizmatchilarini qisqartirish va muqobillashtirish bo`yicha qaror chiqarilganiga qaramasdan, so`ngi 5 yilda hukumat vakillari faqatgina ortib borganini kuzatish mumkin. Xususan, 2016 — 2021 yillar davomida respublikamizda vazirliklar soni 10 taga ortgan, 3 ta vazirlik esa yangilangan.
Rost24.uz to`plagan ma`umotlarga ko`ra, hozirda hukumat vakillari soni 2016 — 2019 yillar orasida 25 foizga o`sgan. Idoralar soni ko`paygach o`z-o`zidan unda faoliyat yurituvchi xodimlar soni ham ko`paymoqda. Masalan, 2016 yilda vazirlik(idora, qo`mita, agentliklar)da band bo`lganlar soni jami 96 828 kishini tashkil etgan bo`lsa, bu ko`rsatgich, 2017 yilda keskin kamayib 39 616 kishigacha tushgan. Biroq, 2018 yilga kelib yuqoridagi keltirilgan davlat idoralaridagi ishchilar soni keskin oshib qariyb 120 ming kishiga etgan. Ya`ni, 2016 yilgi darajaga nisbatan 25 foiz o`sish kuzatilgan.
O`zbekiston hukumati apparati va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining vazirlik idoralari sonini solishtirilganda, Turkmanistonda 21 ta, Qozog`iston hukumatida vazirliklar soni 18 ta, Tojikistonda 14 ta va Qirg`izistonda 12 ta vazirlik mavjud ekani ko`rinadi. Hatto Rossiyadek dunyoda hududi bo`yicha birinchi o`rinda turuvchi mamlakatda ham 21 ta vazirlik bor. O`zbekistonda esa, 24 ta vazirlik faoliyat yuritadi.
Hukumatda tashkilotlar soni ortayotgani, xodimlar ko`payib borayotgani, bu holat davlat elkasi yuk bo`lish bilan birga islohotlar ildamlashiga ham ta`sir ko`rsatishi borasida saytimizda qator materiallar ham e`lon qilgan edik. Jumladan, “O`zbekistonda 24 vazir va 109 nafar vazir o`rinbosari bor” maqolasida har bir vazirlik alohida bino hamda vazir va vazir o`rinbosarlari xizmat mashinalari bilan ta`minlangani, katta harajatga tushayotgani haqida, shuningdek, barcha vazirning o`rinbosarlari soni reytingini ham e`lon qilgandi.
Hukumatdagi mazkur holatni yaqinda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham ochiqcha oshkor etdi va bu — O`zbekiston uchun nihoyatda kattaligi, ortiqcha xarajat va byurokratiya ekani haqida bong urdi.
Adliya vaziri R.Davletov hukumatning bu tahlit kattaligiga: “Davlat organi degani bu — byurokratiya, degani. Bu qo`shimcha vakolat, qo`shimcha boshqaruv funksiyasi, degani. Shuning uchun bu borada biz o`sha botib ketgan qo`llarimizni qaytarib olishimiz kerak! Bu byurokratiya natijasida korrupsiya, mana shu qo`llardagi negativ faktorlarni yo`qotishimiz kerak”, deya kuyundi.
Ta`kidlab o`tish kerakki, Prezidentning “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tuzilmasini maqbullashtirish va shtat birliklari sonini qisqartirish to`g`risida”gi qarori qabul qilinishiga qaramay bu tendensiya oxirgi yillarda ham davom etmoqda. Masalan, birgina Toshkent shahar hokimining 10 ta, moliya vazirining esa 6 ta o`rinbosari bor. Davlat shtat birliklari sonini qisqartirish to`g`risida qaror chiqarilishiga qaramay davlat xizmatchilari soni kattalashib boravergan.
Balki adliya vazirining navbatdagi chiqishigacha bu masalalar echim topar, kuzatishda davom etamiz. Kim bilsin, Prezident tomonidan chiqarilgan qarorni balki hukumat bajarib qolar.