“Afsuski, biz keyingi yillarda «majburiy obuna»
bahonasida ixtiyoriy obunani ham yo`q qildik...”
Shavkat MIRZIYoEV
Prezidentimizning mana shu birgina jumlasi OAV va jurnalistlarga bee`tibor emasligini anglatadi. Ammo bu gapning talqinini boshqa bir tomonlarga burmasligimiz lozim.
Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borarkanmiz, obunalar bo`yicha nolishlarga ko`zimiz tushaveradi.
Tan olib aytishimiz kerakki, obuna haqida gapirishning o`zi majburiylikni anglatmaydimi? Dunyo tajribasidan olib qaralganda, aslida u haqida gapirilmaydi, obuna bo`lishga arzigulik gazetalar chiqariladi, xolos.
E`tibor qilsangiz, faqat gazeta bosh muharrirlari ahyon-ahyonda obuna haqida nolib qolishadi. Ochiqchasiga aytish kerakki, gazetalarimiz bosh muharrirlari rahbarligi shu erga kelganda yakun topmasligini istaydi. Nima bo`lganda ham, rahbar bo`lib maqolalarni tahrirlab, qolipga solib o`tirish ular uchun xumor bo`lib qolgan.
Obuna haqida gapirilganda, albatta ma`naviyat so`zi ishlatilib, yoshlarimiz ma`naviyati buzilib ketayotgani birinchi planga olib chiqiladi. Bu fikrga ham qo`shilib bo`lmaydi. Negaki, ijtimoiy tarmoqlardagi tekin ma`naviyatga bir qarab qo`yishni istamagan yoshlarimiz uni sotib olib o`qirmidi?!
Dunyo hamjamiyatining hurmatini qozonish uchun O`zbekistonda barcha jabhalardagi majburiylikka barham berilayotgan bir davrda ustoz qalamkashlar yana obuna haqida bong urishmoqda. Aslida o`zlari shu «majburiy» degan so`zni lug`atimizdan ham batamom yo`qotish uchun kurashishi kerak bo`lgan ma`naviyatimiz posbonlari emasmi?
Yana bir bor qaytarib aytish lozimki, obuna haqida gapirilmaydi. Obuna bo`lishga arzigulik maqolalar gazetalar yuzini bezab tursa, mushtariyning o`zi izlab topib o`qiydi.
Chorak asr «Barcha sohalarda bo`lgani kabi» degan so`zlar bilan gazeta va jurnallarimizni to`ldirdik. Ammo qani o`sha rivojlanib, gurkirab ketgan sohalar?
Biror bir ma`lumotni gazetaga joylashtirmoqchi bo`lsak, mustaqillik solnomasini bir boshdan keltirib o`tishimiz shart va «farz» bo`lgan. Bosh muharrirlarning tiliga chiqara olmagan dilidagi sirli dard ham shu ediki, – o`nlab yillar davomida tepadan taklif etilgan qolipdan og`ishmay, gazetalarimizni konveyerdan chiqarishga majbur bo`lgan edi.
Tepadagi «sirli kuchlar» nima haqida qanday yozish hattoki, nuqta vergullarigacha qanday qo`yish bo`yicha topshiriq berish barobarida majburiy obunaga ham yordam berib kelganligi ochiq-oshkora bilinib qolmoqda. Endi esa tepadan topshiriq berishlar va berguvchilar ortga chekinishi asnosida gazetalarimiz rahnamosiz qolib ketishdi. Aslida, asl muammo shu emasmidi?
Vaqtida bosh muharrirlikdan ajralib qolishdan qo`rqib, senzurani 150 foizga bajardik. Topshiriqlar asosida ijod qilib, o`quvchini gazeta o`qishdan shu darajada bezdirdikki, odamlar partiya va tashkilot gazeta desa, ko`ngli ayniydigan darajaga kelib qoldi. Endi esa, yana obuna deymiz.
O`quvchini o`ziga torta oladigan ijodingiz qolib ketayotgan bo`lsa, o`zingiz va o`zgalarni qiynamang. Innovasion texnologiyalar zamonida internet saytlari ham ko`payib bormoqda. Ana shu saytlar orqali ma`naviyatingizni xuddi obuna haqidagi targ`ibotlaringiz kabi targ`ib qilishingiz mumkin, Aynan qog`oz shaklida chiqarishingiz shartmi?
Chorak asr davomida obunani ham ko`rdik. Obuna qildirish uchun Qashqadaryoning cho`llaridagi maktablarni ham topib boramiz. Ammo gazetaning o`ziga kelganda, Toshkent shahridan nariga etib borishini aqlga ham sig`dirib bo`lmaydi.
Ustozlarga aytarim shuki, obuna haqida boshingizni og`ritib nima qilasiz? Aslida gazeta kerak bo`lsa, muassicning o`zi bosh qotirishi kerak emasmi? Ularga kerak bo`lmagan gazeta Sizga nega kerak?
Yaxshi gazeta obunaga muhtoj bo`lmaydi, obunaga muhtoj gazeta esa zamon zayli bilan ma`lum bo`lib qolayotganidek yaxshi bo`lmaydi.
Shu o`rinda faqatgina obunaga suyanib qolmasdan, zamon va makon raqobatiga dosh berib kelayotgan xususiy nashrlarni misol keltirsak, ko`p hollarda ularda chop etilayotgan maqola va xabarlarni sayoz deya bong urib keldik.
Ammo kezi kelganda, xususiy nashrlarning har qanday vaziyatlarda ham xalq ko`ngliga yaqin maqolalar bilan chiqishlar qilganini tan olish kerak emasmi?
Ish bor joyda – kamchilik bo`ladi. Raqobat uchun ham ishlash kerak, izlanish kerak. Xalqning ko`nglidan joy ololmasak, ma`naviyatiga munosib bo`la olmasak, bu faqat bizgina ma`naviyatlimiz degani emas, bunda kimningdir ishidan ayb qidirish bilan o`zimizni oqlashga urinmaylik. Zero yaxshi so`z qaerda aytilmasin, o`z o`quvchisini topib olaveradi.
Abdulaziz RUSTAM