Quyidagi videorolikdan Bahrom Abduhalimov haqida to`liq ma`lumotga ega bo`lasiz.
Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov 1959 yil 27 fevralda Toshkent shahrida ishchi oilasida tug`ilgan.
Millati – o`zbek.
Ma`lumoti – oliy. 1981 yilda Toshkent davlat universitetining Sharq fakultetini tamomlagan. Ixtisosligi – filolog-sharqshunos, arab va ingliz tillari o`qituvchisi. Tarix fanlari doktori, professor.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda Liviya Arab Respublikasida arab tili tarjimonligidan boshlagan. 1983–1987 yillarda O`zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida kichik ilmiy xodim, 1987–1990 yillarda harbiy xizmatni Yaman Arab Respublikasida harbiy tarjimon vazifasida o`tagan.
B.A. Abduhalimov 1990–2002 yillarda O`zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, 2002–2003 yillarda direktor o`rinbosari, 2003–2004 yillarda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining prorektori, 2004–2006 yillarda Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti direktori, 2006–2008 yillarda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining millatlararo munosabatlar masalalari va din ishlari bo`yicha Davlat maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.
2008 yildan Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida direktor, 2011 yildan Fanlar akademiyasi Ijtimoiy-gumanitar fanlar yo`nalishi bo`yicha vitse-prezidenti, 2020 yildan O`zbekiston «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda.
B.A.Abduhalimov Markaziy Osiyo tarixi, fan tarixi, islom, sharq qo`lyozma asarlari, arab davlatlari, arab tili sohalari bo`yicha yirik mutaxassis.
Oksford islom tadqiqotlari markazining «Imom al-Buxoriy» (1996), Britaniya Kengashining «Chevening» (1997), Janubiy Koreyaning «KOISA» (2001) stipendiyalariga sazovor bo`lib, ushbu mamlakatlarda malaka oshirish kurslarini o`tagan. 100 ga yaqin ilmiy maqola, risola va monografiyalari o`zbek, rus, ingliz va arab tillarida e`lon qilingan.
B.A.Abduhalimov 2020 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.