"16 fevral voqealari" ortidan sudlanib, aybdor deb topilgan fuqarolar yaqinda oqlangan edi. Ammo Toshkent viloyati prokuraturasi oqlov hukmini bekor qilish uchun sudga protest kiritdi. Endi oqlanganlar yana aybdor, deb topilishi ehtimoli mumkin.
Oqlangan fuqaro Ibrohim Yunusov prokuratura protestidan so`ng yana avvalgi davrga qaytgandekman, demoqda.
2021 yil 24 iyun Toshkent viloyati sudi tomonidan "16 fevral voqealari"dagi portlashlar ortidan jinoiy javobgarlikka tortilgan 5 nafar shaxs oqlangan edi. Oradan 2 oy o`tib esa oqlovga nisbatan Toshkent viloyati prokuraturasi protest kiritdi. Kassasiya tartibida kiritilgan protest Oliy sudning tegishli sudlov hay`ati ostida ko`rib chiqildi.
Bo`lib o`tgan sud majlisida tomonlar so`zlari eshitildi va Oliy sud keyingi hafta oqlangan fuqarolar bo`yicha hukmini e`lon qiladi.
Oqlangan fuqarolardan biri Ibrohim Yunusov bu protest bo`yicha quyidagicha fikrlarini aytib o`tdi:
“Kuni kecha bizga to`satdan bu xabar etib keldi. Bu 99-yilni eslatganday bo`ldi. Ya`nikim bizga chiqarilgan oqlov hukmiga nisbatan Toshkent shahar Prokraturasi protest bildirishdi. O`zbekiston Respublikasi Oliy sudiga keldik. Albatta, man ishonaman, Oliy sud adolatli qaror chiqaradi. Bu narsani yana obektiv ko`rib chiqishadi. Chunki biz o`sha paytda nohaq qamalganimizni, tuhmat balosiga qolganimizni ko`rib chiqib, Toshkent viloyati sudidagi ajrimni o`z kuchida qoldirishadi degan umiddamiz”.
“23 yillik tuhmat balosidan qutulib, yana 23 yil orqaga qaytsak, bu Prezidentimiz olib boryotgan siyosatga zid emasmi”, deb aytib o`tdi Ibrohim Yunusov so`z so`nggida.
Oqlangan fuqarolar ishini amalga oshirgan advokat Nodir Uldashev vaziyat yuzasidan quyidagilarni aytib o`tdi:
“Bu narsa qanchalik qonunga zid chiqarilganligi o`z isbotini topgan edi va Toshkent viloyati sudi tomonidan adolatli va qonuniy qaror qabul qilgan edi. Biroq 10 kunlik bo`ldiki, Toshkent shahar Prokraturasi protest bildirilgan. Bunga Prokraturani vakolati bor albatta. Lekin protestni o`zida belgilangan tartibdagi asoslar bo`lishi kerak. Lekin qonunga zid chiqarilganligi va adolasizligi asoslicha ko`rsatib berilmagan. Shuning uchun men ishonaman Oliy sud aynan hozirgi tizimda borishiga, qaror chiqarishiga umid qilamiz”.