Qolgan partiya nomzodlarini xalqimizning o`zi joyiga solib qo`yadi(mi?)
O`zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasidan qo`yilgan nomzod Alisher Qodirov Jizzax viloyatida saylovchilar bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida nomzod «Men raqib sifatida bitta Shavkat Mirziyoevni ko`raman» deya aytib o`tgan. «Qolgan partiya nomzodlarini ishonamanki, xalqimizning o`zi joyiga solib qo`yadi» deb boshqa partiya nomzodlarini ham bir eslab o`tgan.
Bu aytilgan ikki gap Alisher Qodirovning qanchalik o`ziga bo`lgan ishonchini ko`rsatib turibdi.
Eslatib o`tamiz, A.Qodirov Saylovoldi dasturining umumiy mazmuni quyidagicha:
1. Davlat rivojining ustuni – oila barqarorligini ta`minlash.
2. Tarbiya va ta`limning uch bosqichi – bog`cha, maktab, oliy ta`limni tubdan isloh qilish.
3. Mahalliy davlat hokimiyati, jumladan, ijro hokimiyati, siyosiy institutlar tizimini yanada takomillashtirish.
A.Qodirov saylovchilar bilan uchrashuv davomida so`zini yana shunday davom ettirgan:
«Jamiyat o`zgarishi uchun har birimizning tafakkurimiz o`zgarishi shart. Eshityapman, ba`zi joylarda yurtdoshlarimiz saylovga bormayman, ovoz bermayman, deganlarini. Saylovda ishtirok etmaslik mamlakat taqdiriga loqaydlikdir. Agar saylovda ishtirok etmasak, o`z munosabatimizni bildirmasak, O`zbekiston taraqqiyoti uchun qo`shishimiz kerak bo`lgan hissani qo`shmagan bo`lamiz!»
Barchasi saylov kuni aniq bo`ladi. Jarayonni kuzatamiz...