Global innovasion indeksida 86-o`rindaligimiz aslida fahrlanarli holatmi?
Boshqa mamlakatlar ham innovasion sohaga O`zbekiston sarflayotganchalik mablag` sarflarmikan?
Innovasion rivojlanish vazirligi O`zbekiston Global innovasion indeksida 132 mamlakat orasida 86-o`rinni egallaganini ma`lum qildi.
Hattoki, O`zbekistonning Global innovasion indeksdagi ushbu o`rniga bag`ishlab maxsus press-konferensiya ham o`tkazdi.
Ushbu raqamlar AQShning Kornel universiteti, Fransiyadagi Insead biznes maktabi va Jahon tashkilotining ma`lumotlariga ko`ra, deb berilgan.
Shuningdek, O`zbekistonda innovasiyalarni joriy etish uchun mavjud resurslar va shartlar kichik indeksida o`tgan yilning natijalari 6 pog`onaga ko`tarilib 75-o`rinni, innovasiyalarni joriy etishning amaliy natijalari kichik indeksida esa O`zbekiston 18 pog`onaga ko`tarilib, 100-o`rinni band qilgani ham aytib o`tilgan.
Nega vazirlik bunday quyi o`rinlar bilan ham faxrlangan? Shov-shuv qilishga arzigulik tarixiy voqea edimi aslida?
Chunki bu indeksda Qirg`iziston 98 va Tojikiston 103-o`rinni egallagan. Biz ulardan oldindamiz, muhimi shu! Ammo vazirlik bu indeksda bizga qardosh bo`lgan Turkiya 41, bizdan deyarli 2 baravar oldinda bo`lgan Rossiya 45, hattoki qo`shni Qozog`iston 79 o`rinni egallab turibdi. O`zbekiston bilan bir yilda mustaqillikka erishgan Ozarbayjon 80-o`rinni egallagani va biz ulardan ancha orqada qolganimizni keltirib o`tish ham kerakdir balki.
Aslida bu vazirlikka berilgan imtiyozlar, mablag`lar va rag`batlar bilan biz Rossiya, Turkiya va Qozog`istondan ham oldinga chiqishimiz uchun etarli emasmi?
Masalan, bu vazirlikni tashkil etishga doir Prezident qarorida:
yagona ijtimoiy to`lov va to`lov manbaidagi yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig`idan tashqari barcha turdagi soliqlardan;
belgilangan tartibda tasdiqlangan ro`yxat bo`yicha respublikada ishlab chiqarilmaydigan va Jamg`arma mablag`lari hisobidan O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan ilmiy-laboratoriya asbob-uskunalari bojxona to`lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig`imlar bundan mustasno) ozod qilingan.
Bundan tashqari Vazirlikning vazifalarni amalga oshirish uchun jalb etilgan chet el mutaxassislariga ajratilgan mablag`larni boshqa davlatlarning kirim-chiqim qog`ozlarida uchratish amrimahol. Hatto Rossiya va Qozog`istonda ham.
Shuningdek, Innovasion rivojlanish vazirligi birgina Xalqaro innovasion haftalik davomida xorijiy kompaniyalar bilan investision hamkorlik bo`yicha 6 ta kelishuvni 205 million AQSh dollariga imzolagan:
Davlat shuncha mablag` ajratyapti, xorijdan investisiyalar kelib yotibdi. Innovasion rivojlanish vazirligimiz esa O`zbekiston “quyi o`rta daromad” guruhidagi davlatlar orasida 10-o`rinni egallagani bilan faxrlanmoqda.
O`zbekiston bu guruh mamlakatlari (daromadi o`rtachadan past) orasida O`zbekiston institutlar ko`rsatkichlari, inson kapitali va fan, infratuzilma va ichki bozorning rivojlanishi bo`yicha etakchi hisoblanarkan.
Qachongacha past reytingli davlatlardan oldindaligimiz bilan faxrlanamiz? Boshqa davlatlar oldinga qarab intilsa, o`zidan oldindagi mamlakatlardan xulosa qilsa, biz orqamizda nechta davlat borligini sanaymiz.