Surxondaryodagi afg`on investorlari viza masalasida echim kutmoqda

22.09.2021 16:49

Surxondaryo viloyati hokimi afg`onistonlik investorlar bilan uchrashuv o`tkazib, ularning taklif, g`oya va muammolarini tingladi. 

Bu haqda viloyat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bugungi kunda Surxondaryoda 340 nafar afg`on investorlari tadbirkorlik bilan shug`ullanadi.

Ochiq muloqotda qo`shni mamlakat sarmoyadorlarining 55 ta masalasi tinglanib, echimini topish yo`llari izlandi. Afg`on investorlarining aksariyati viza muddatini uzaytirish bo`yicha murojaat qilishgan.

"Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatlaringizga yuborilgan gumanitar yordamni qo`shni davlatga etkazib berdik, Muvaqqat hukumat vakillari bilan uchrashdik. Barchasi yaxshi bo`ladi. Yangi hukumat ham mamlakatimiz bilan iqtisodiy-savdo, gumanitar aloqalarni mustahkamlash tarafdori. To`g`ri, ayni paytda sizlarda viza masalasida muammolar paydo bo`lgan. Bu masalaning o`ziga xos sabablari bor. Buni soha xodimlari hozir sizlarga batafsil tushuntirib beradi. Viloyatda tadbirkorlik bilan shug`ullanishlaringiz uchun barcha sharoitlarni yaratib beryapmiz va bundan keyin ham sizlarni qo`llab-quvvatlashda davom etamiz. Bugungi ochiq muloqotimizni ham shu maqsadda tashkil etdik. Agar faoliyatingizda biron bir muammoga duch kelayotgan bo`lsangiz, bemalol ayting. Birgalashib hal etish yo`lini topamiz. Sohani yanada rivojlantirish bo`yicha g`oya va takliflaringizni tinglab, qo`llab-quvvatlaymiz", – dedi To`ra Bobolov.


@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар