MUTAXASSIS FIKRI: O`ZBEKISTON SPORTI ISLOHOTGA MUHTOJ
“Turizm va sport vazirligi tizimi tubdan takomillashtirilmasa, malakali va tajribali kadrlar hamda ularning munosib zaxiralari achinarli ahvolga kelib qolishi aniq”, – deyiladi Olamsport saytida.
Turizmi va sport vazirligi tashkil etilgandan keyingi holat tahlil qilingan ushbu maqolada mutaxassisning aytishicha, O`zbekiston sporti ortga tomon ketmoqda, Turizm ichida yo`q bo`lib borayotgan o`gay soha – sport hukumat darajasida islohotlarga muhtoj ekan.
Mutaxassis so`zining isboti sifatida bir nechta asoslarni keltirgan:
“Turizm va sport vazirligi kadrlarining mutaxassisligiga qaraydigan bo`lsak, boshqaruv aparati hattoki, xodimlar tarkibi ham asosan turizm sohasi bo`yicha mutaxassislardan iborat.
Sport sohasi bo`yicha mas`ullarning aksariyati nomutaxassis kadrlar bo`lib, ular sport bo`yicha vazir o`rinbosari bilan kelishilmasdan qo`yilgan.
Turizm va sport vazirining 5 nafar o`rinbosari bo`lib,
4 nafari hamda 3 nafar maslahatchisi ham turizm sohasi vakillari hisoblanadi, juda katta kuch va mehnat talab etadigan sport sohasi bo`yicha esa bor yo`g`i 1 nafar o`rinbosar bor.Hattoki, 14 ta viloyat hokimining shu soha bo`yicha o`rinbosarlari-Turizm va sport bosh boshqarmalari boshliqlari ham sport sohasidan umuman xabari bo`lmagan kadrlardan tayinlangan.
Tuman (shahar) turizm va sport bo`limlariga hanuzgacha yangi rahbarlar tayinlanmagan.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligining ko`p yillik ish tajribasiga ega sport mutaxassislari Turizm va sport vazirligi tashkil etilgandan keyin turli bahonalar bilan ishdan bo`shatib yuborildi.
Eng achinarlisi, Turizm va sport vazirligi 2021 yil aprel oyida tashkil etilgan bo`lishiga qaramasdan hanuzgacha Nizom tasdiqlanmagan. Vazirlik hamda uning hududlardagi bosh boshqarmalari Nizomsiz faoliyat olib bormoqda.
Shu bois, hozirgi kunda asosiy e`tibor turizm sohasiga qaratilib, sport sohasi e`tibordan chetda qolmoqda.
Bir misol, O`zbekiston sport terma jamoasining asosiy zaxirasini etishtirib beradigan Olimpiya zaxiralari kollejlari hamda Olimpiya va milliy sport turlari bo`yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari yuqori natijalarga erishish o`rniga, kundan-kunga natijadorlik pasayib bormoqda.
Bunga sabab, bu yo`nalishlar sport sohasida umuman tajriba va salohiyatga ega bo`lmagan vazir o`rinbosari A.Aqqulov nazoratiga o`tkazib berilgani deyishimiz mumkin.
Hattoki, A.Aqqulovning bo`limida birorta sport mutaxassisligiga ega bo`lgan xodim ham yo`q.
Raqam va faktlarga qaraydigan bo`lsak, “Tokio-2020” Olimpiya o`yinlariga 71 ta lisenziyani qo`lga kiritgan sportchilarning 35 nafari (50%) Olimpiya zaxiralari kollejlarining bitiruvchilaridir.
O`zbekiston Respublikasida 15 ta Olimpiya zaxiralari kollejlarida jami 7000 nafar o`quvchi-sportchilar sport bilan shug`ullanadi.
Shuning 2000 nafardan ortig`i O`zbekiston sport terma jamoalari a`zosi.
2020-2021 o`quv yillarida Bolalar va o`smirlar sport maktablari, Olimpiya zaxiralari kollejlarining sport jihozlari bilan ta`minlanishi bo`yicha hech qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmagan.
Joriy yilning 9 oyi davomida Turizm va sport vazirligi tomonidan birorta sport jihozlari xarid qilinmadi. 2021 yil hisobidan sport ta`lim muassasalariga umuman sport jihozlari berilmadi.” – dedi sport mutaxassisi.
Tahririyatdan: Rost24.uz axborot-tahliliy sayti yuqoridagi fikrlarga qo`shilgan holda mutasaddilarning soha ajratishlariga qarshiligini bildiradi. Ammo bu bilan sport sohasi alohida vazirlik bo`lishi kerak degan fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Turizm va sport vazirligi rahbariyati ikki soha ham o`ziniki, shu sohalarning kelajagi o`zlariga bog`liq ekanligini anglab etishi kerak xolos. Ko`p emas, atigi ikkita sohaku. Misol uchun, Misr davlatida to`rtta soha – fan, ta`lim turizm va sport sohalari bitta vazirlikka birlashtirilgan holda boshqariladi. Ularda muammo yo`q. Demoqchi bo`lganimiz, Turizm va sport vazirligidagi mas`ullar ikkisiga ham o`ng ko`z bilan qarashlari lozim.
P.S. Yuqorida keltirilgan asoslar bir kun o`z “mevasi”ni beradigan bo`lsa, keyingi Olimpiadada yuqori natijalardan umid qilmasa ham bo`ladi.
Tan olib aytish kerkki, Tokio-2020 sport musobaqalarida erishilgan natijalarning asosiy sababi bu – oldingi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi mehnatining mahsuli desak xato qilmagan bo`lamiz.
Shu o`rinda yaqindagina ro`y bergan yana bir voqeani misol qilib keltirishimiz joiz: Mas`ullarning e`tiborsizligi sababli sportchi-o`quvchilarni oliy ta`lim muassasalariga imtiyozli qabul qilinish tartibi bekor qilinib, 2070 nafar sportchilar va ularning ota-onalarning qattiq e`tirozlariga sabab bo`ldi. Bu holatni Turizm va sport vaziri chetda turib, qarsak chalib kuzatib turdi xolos.
Shu sababli, ushbu iqtidorli sportchilar qora ishlarga ishlash uchun xorijiy davlatlarga chiqib ketdi. 2070 nafar iqtidorli sportchidan balki, Olimpiada sovrindorlari ham chiqishi mumkin emasmidi?